Android qurilmalar uchun Zarnews.uz mobil ilovasi. Yuklab olish x

“Starosta” – korrupsiya ko‘prigimi?

“Hozirgi vaqtda mamlakatimizda korrupsiyaga qarshi kurashish bo‘yicha keng chora-tadbirlar bo‘lib o‘tmoqda. Ammo oliy o‘quv yurtlarida o‘qituvchi va talaba o‘rtasidagi korrupsiya hamon saqlanib turibti. Bunga sabab “starosta”lar o‘qituvchi va talabalar o‘rtasidagi korrupsiyaga ko‘prik, ya’ni vositachi vazifasini bajarib kelmoqda.

Agar oliy o‘quv yurtlarida “starosta”lik vazifasi yo‘q qilinsa poraxo‘rlik va ta’magirlikka chek qo‘yiladi. Shu masalada amaliy ko‘maklashishingizni suraymiz”.

“Bir guruh SamDU talabalari nomidan”  yo‘llangan ushbu murojaatda ko‘tarilgan masala yuzasidan Samarqand davlat universiteti rahbariyati, guruh sardorlari bilan suhbatlashdik. Aytilayotgan fikrlar asoslimi?

– Shu paytgacha bunday holatlar bo‘lganini tan olishimiz kerak, – deydi Samarqand davlat universiteti yoshlar bilan ishlash bo‘yicha prorektori Alisher Eshtayev. – Albatta, buning ham o‘ziga yarasha sabab va oqibatlari bo‘lgan. Bunga qarshi kurashganmiz. Nopok ishga qo‘l urganlar, bunga sharoit yaratganlar bu xatti-harakatlari uchun tegishli tartibda javob bergan. Lekin bugun guruh sardorlari talaba va o‘qituvchi o‘rtasida “korrupsiya ko‘prigi” vazifasini bajaryapti, degan fikrga qo‘shilmayman. Talabalar bu haqda o‘zimizga murojaat qilsalar ham masalani hal etish, bunday “starosta” va o‘qituvchiga nisbatan chora ko‘rish imkoniyatimiz bor.

Qolaversa, bugungi kunda guruh sardorlarining “baho qo‘ydirib berish” uchun talaba va o‘qituvchi o‘rtasida “vositachi” bo‘lishiga hojat qolmagan. Chunki, Oliy va o‘rta maxsus ta’lim vazirligining 2018 yil 9 avgustdagi “Oliy ta’lim muassasalarida talabalar bilimini nazorat qilish va baholash tizimi to‘g‘risida”gi buyrug‘i bilan tasdiqlangan Nizom hamda Samarqand davlat universiteti rektorining 2019 yil 6 maydagi buyrug‘iga asosan universitetimizda nazoratlarni tashkil qilish va baholash bo‘limi tashkil etilgan. Bundan ko‘zlangan asosiy maqsad talabaning bilimni baholashda dars bergan o‘qituvchi ishtirokini istisno etish tizimini joriy qilish bo‘lib, nazoratlarning adolatli, shaffof va xolisona o‘tkazishdan iborat. O‘tgan o‘quv yilidan boshlab, bahorgi semestr nazoratlari bo‘lim tomonidan tashkil etildi. Yozma ish tarzida topshirilgan yakuniy baholash ishlari shifrlanib maxsus komissiya tomonidan tekshirildi va baholandi. Bundan tashqari yozma ishlarni tekshirish va baholash uchun Toshkent, Qarshi, Buxoro, Farg‘ona, Guliston shaharlaridagi va Samarqanddagi boshqa oliy o‘quv yurtlari bilan hamkorlik o‘rnatganmiz.

Ularning professor-o‘qituvchilari tomonidan 2019-2020 o‘quv yilining kuzgi sessiyasida 100 dan ortiq fanlardan 15000 ga yaqin yozma ishlar tekshirilib, baholab berildi. Yakuniy baholash test va amaliy mashg‘ulot tarzida o‘tkaziladigan sinovlar kuzatuv kameralari o‘rnatilgan xonalarda amalga oshiriladi va bu ham universitet rahbariyati, tegishli komissiya tomonidan kuzatib boriladi. Yuqorida keltirilgan dalillar universitetda guruh sardorlari  va o‘qituvchi o‘rtasida “korrupsiya yo‘lak”ka ehtiyoj yo‘qligini anglatadi, deb hisoblaymiz

  Universitet ichki tartib-qoidalarida qayd etilishicha, har bir guruhda fakultet dekani tomonidan intizomli va darsga ulguruvchi talabalar ichidan guruh sardori belgilanadi.

Guruh sardori bevosita fakultet dekani, dekan muovinlari va guruh murabbiysiga bo‘ysunadi, o‘z guruhida ularning barcha ko‘rsatma va buyruqlarini bajaradi.

O‘quv mashg‘ulotlarida talabalarni hisobga olish, ma’ruza va amaliy mashg‘ulot darslarida guruhda o‘quv fanining borishini kuzatish, shuningdek, o‘quv uskunalari va jihozlarning saqlanishi haqida javobgarlik, guruh talabalari o‘rtasida darslik, o‘quv qo‘llanmalarini o‘z vaqtida olish va tarqatishni tashkil qilish, fakultet dekani tomonidan mashg‘ulotlar jadvaliga kiritilgan o‘zgarishlarni talabalarga yetkazish, har kuni tartib bo‘yicha guruh navbatchisini belgilash, guruh talabalari stipendiyalarining o‘z vaqtida olinishini  nazorat qilish guruh sardorining vazifalari hisoblanadi.

– To‘rt yildan buyon guruh sardoriman, lekin shu paytgacha birorta kursdoshim baho olish uchun domlaga iltimos qil yoki vositachi bo‘l, deb aytmagan, – deydi Samarqand davlat universiteti filologiya fakulteti talabasi Sobir Toshniyozov. – Qaysidir o‘qituvchi talabaga nisbatan nohaqlik qilsa yoki tushunmovchilik yuzaga kelsa o‘ziga e’tiroz bildiraman, bu haqda dekanatga ma’lum qilaman. O‘zim ham talabaman va do‘stlarimning qanday sharoitda o‘qiyotganini yaxshi bilaman. Ulardan pul yoki sovg‘a-salom olib o‘qituvchilardan baho qo‘ydirishga harakat qilmayman. O‘zim ham “sessiyalarni” faqat a’lo va yaxshiga “yopolmayman”. Bilimimizga, o‘zlashtirishimizga yarasha baho olyapmiz.

Yana bir nechta talabalar, sardorlar bilan suhbatlashganimizda ularning aksariyat bir fikrni takrorladi – guruhga sardor kerak va u doim talabalar tomonida bo‘lishi zarur, o‘qituvchilar va talabalar o‘rtasida vositasi bo‘ladigan sardor bizdan emas.

Nazarimizda, bu gapda jon bor va to‘g‘ri qaror.

  G‘olib HASANOV.