Android qurilmalar uchun Zarnews.uz mobil ilovasi. Yuklab olish x

«Super kontrakt» - ta’lim sifati oshishiga kafolat beradimi?

YuNESKO va Jahon banki ekspertlarining ma’lumotlariga qaraganda, o‘tgan ming yillikda har bir fuqaro boshiga to‘g‘ri kelgan eng yuqori yalpi ijtimoiy mahsulot, aholisining 40-60 foizi oliy ma’lumotli bo‘lgan mamlakatlar hissasiga to‘g‘ri kelgan.

«Taraqqiyotga erishishimiz uchun raqamli bilimlar va zamonaviy axborot texnologiyalarini egallashimiz zarur va shart», deyildi Prezidentimizning Oliy Majlisga Murojaatnomasida.

Shu maqsad yo‘lida davlatimiz oliy ta’limni rivojlantirish hamda kengaytirishga katta ahamiyat berib, yangi oliy o‘quv yurtlari, yangi ixtisosliklarni ochish, ularda ta’lim oladigan talabalar sonini, davlat grantlarini ko‘paytirish, qabul tizimini takomillashtirish, professor-o‘qituvchilar tarkibining mahorati, malakasini oshirish yo‘lidan bormoqda. Bu vazifalarni bajarishda OTMlarida minglab, o‘z umrini ta’lim berishdek sharafli ishga bag‘ishlagan, o‘qituvchilik obro‘siga dog‘ tushirmasdan, to‘g‘riso‘zlik, halollik, burchga sadoqat bilan faoliyat olib borayotgan xodimlar ham ko‘pchilikni tashkil etadi.

Shu bilan birga, hali bajarilishi lozim bo‘lgan ishlar ham anchagina. Fikrimizcha, shulardan biri «orttirilgan to‘lov – «super kontrakt» institutidir (lot. Institutum- o‘rnatish, ta’sis etish, alohida soha) hamda bu boradagi qoidalarning tez-tez o‘zgarib turishi, deb hisoblaymiz.

Shu o‘rinda bir savol tug‘iladi, yuqorida keltirilgan darajaga erishimiz uchun «orttirilgan to‘lov», maxsus sirtqi ta’lim, ikkinchi mutaxassisliklarga qabulni kengaytiraverishimiz lozimmi? Oliy ta’lim tizimidagi islohotlar yo‘nalishlaridan biri  shulardan iboratmi?

Shu soha tizimida deyarli yarim asr ishlagan bir oddiy o‘qituvchi sifatida bularni «bosib o‘tilgan yo‘l» deb baholab, fikrimiz isboti uchun «orttirilgan to‘lov» borasidagi mulohazalarimizni keltiramiz:

Birinchidan, OTMlardagi «Super kontrakt» nima? U qachon va nimaga paydo bo‘lgan, aslida, bir tugatilib nega yana qaytadan tiklandi? To‘g‘risini aytganda, bu bundan 5-6 yillar ilgari kiritilgan (moliyaviy tomonini aytmasak), o‘zini oqlamagan tashabbus. U o‘qishga kirayotganlarning test ballari, o‘tish baliga yetmay qolganda, «orttirilgan to‘lov» evaziga o‘qishga qabul qilinishini anglatadi. Soddaroq qilib aytsak, yetmagan bilim pul bilan qoplanadi. 2019/2020 o‘quv yilida bu juda g‘ovlab ketgan «institut», ya’ni mablag‘ bo‘lsa, juda past, zaif ko‘rsatkich bilan ham talaba bo‘lish mumkin.

Ammo bu holat manfaatdorlikka yo‘l ochib beradigan davlat o‘quv intizomini chetlab o‘tish so‘qmoqlaridan biri. Chunki o‘qituvchilarning yuklamalari tasdiqlanib, bir o‘quv semestrining ba’zan yarmi yoki ko‘p qismi o‘tgan bo‘lsa-da, «orttirilgan to‘lov» g‘ildiragi aylanaveradi.

Ikkinchidan, uning moliyaviy tomoni ham bo‘lganligi uchun amalda yagona tartib-qoida asosida o‘tish ballidan 4-5 ballgacha past ball to‘plaganlar orasida hal etilib, uning yagona qoidasi chetlab o‘tilmasdan, bu haqdagi buyruqlar ham oylab cho‘zilmasdan, 1 sentyabrdan kech bo‘lmagan muddatlarda, OTMning imkoniyati, rejasi doirasida hal etilsa, 56,7 foiz undan pasti, yuqorisi deyilganlardan voz kechilsa, o‘ylaymizki, bundan davlat ham, o‘qishga kiruvchilar ham foyda ko‘rishi, o‘quv jarayoni ancha tartibga tushishi mumkin. Hozirda bunga sharoit bor, test natijalari o‘qish boshlanishidan ancha oldin e’lon qilinmoqda.

Uchinchidan, «orttirilgan to‘lov» qonun, Prezidentimizning farmoni  yoki Vazirlar Mahkamasining Nizomi bilan bu boradagi har bir harakat qat’iy, normativ tartibga solinishi hamda tez-tez o‘zgarmasligi lozim.

Hozirda amalda bo‘lgan OTMlarga qo‘shimcha qabul haqidagi Nizomning 4-ilovasiga ko‘ra, bu boradagi ariza davlat komissiyasiga 15 oktyabrgacha topshirilishi, 20 oktyabrgacha qaror chiqarilishi lozim. Lekin bu jarayon dekabr oyining yarimlarigacha ham davom etaveradi. OTM tizimida idoraviy qonunosti hujjatlarni qisqartirish, takomillashtirish kerak. Bu esa o‘quv intizomi buzilishi holatlarining kamayishiga olib keladi. O‘qishga hujjatlarni qabul qilish jarayonidayoq «orttirilgan kontrakt» tartibi, muddatlari, shartlari e’lon qilib qo‘yilsa, shu yo‘lni tanlashni xohlaganlar avvaldan tayyorgarlik ko‘radi.

To‘rtinchidan, ushbu amaliyotda o‘quv-uslubiy hamda tarbiyaviy muammmolar ham bor. O‘qituvchi uchun noqulayroq vaziyat, u har safar darsga kirganda, yangi talaba o‘tirganini ko‘radi. U mashg‘ulotlar mazmunini tushunmay, darsga befarq o‘tiradi. Chunki bu vaqtgacha, ba’zi darslarning yarmi o‘tgan, hatto tamom bo‘lgan bo‘ladi. Talaba 800-1000 soatga yaqin dars qoldirgan bo‘ladi. Agarda 70 soat dars qoldirganlar, talabalar safidan chiqarilsa, kursda qoldirilsa, qoidagi ko‘ra, ziddiyatli bu holatni qanday tushunish kerak?

Beshinchidan, «orttirilgan to‘lov» asosida o‘qishga keyin o‘tkazilganlar uchun boshqa OTMlarda qanday bilmadik? Ularga qoldirilgan darslar uchun qo‘shimcha dars soatlari ham ajratilmaydi, dars ham o‘tilmaydi. Shuning  uchun ham ularni qabul qilish umumiy asoslarda o‘quv yili boshlanishidan oldin bo‘lishi kerak, deb hsoblaymiz.

Oltinchidan, juda past natijalarni ko‘rsatib, 2, 3 oylardan keyin o‘qishga qatnasha boshlagan talaba kursni o‘zlashtira olmaydi. Masalan, talaba  N. (2018 yil) dekabr oyining 9 kuni ma’ruza darslari yakunlangach, darsga qo‘yildi.

Ba’zan bosimni sezgan o‘qituvchi javoblarni ko‘chirtirib qutuladi yoki tuhmatlar ostida qoladi. Ӯqituvchiga «qora chaplanib», «menga qasd qilayapti», «adovati bor», «huquqimni buzmoqda» deb, «homiy» rahbarligida turli darajadagi idoralarga arizalar bilan murojaat qiladi. Ma’muriyatga esa xuddi ana shu kerak. Darhol, mutaxassis bo‘lmaganlardan komissiya tuziladi, telefon yoki dasrlikdan ko‘chirtiriladi yoki variant uyiga berib yuboriladi. Agar komissiya tarkibidagi o‘qituvchilar ham to‘g‘ri yo‘l tutsalar, ushbu o‘quv kursini tugatib yuborishadi yoki mansabdor o‘zi o‘qimagan kursdan o‘sha bahoni qo‘yib ham yuboradi.

Qizig‘i shundaki, bu harakatlar OTMdagi mavjud qoidalar asosida emas: «talaba shikoyat qildi», «adolatni tiklash» niqobi ostida boradi va uni hech kim, hech bir nazorat idorasi tekshirib ko‘rmaydi ham, ochmaydi ham.

Yettinchidan, bunday «mehribonliklar»dan bahra olgan «talaba» ba’zan 3,5 yilda, ba’zan 3 yilda, (A.N.) ba’zan 2 yilda ham  (Sh. 2 yilda, 2020 yil) homiylik ostida diplom olib, oliy ma’lumotlilar safiga qo‘shiladi.

Yuqoridagilardan xulosa shundan iboratki, oliy ta’lim olish hamda oliy ma’lumotlilarning sonini shu yo‘llar bilan oshirishda diplomlilar ko‘paysa-da, kasb asoslarini o‘rganganlar aslo ko‘paymaydi.

Fikrimizcha, ular xuddi «to‘p qulfiga tushmagan o‘q-snaryadga» o‘xshaydilar. Bu YuNESKO bashoratidagi yo‘l emas, balki hozirgi ko‘rinishida korrupsiya ehtimoli yo‘llaridan biri. Ba’zi mansabdorlar uchun esa «biznes maydonchasi» bo‘lib xizmat qilishi ham mumkin.

Mashhur universitetlardan birining peshtoqiga: «Har qanday millatni yo‘q qilish uchun atom bombasi yoki uzoq radiusga ta’sir qiladigan raketalarga hojat yo‘q. Faqat ta’lim sifatini pasaytirilsa va  imtihonlarda talabalarga aldash uchun imkoniyat yaratilsa bas. Bunday vrachlar qo‘liga tushgan bemorlar o‘la boshlaydi. Bunday quruvchilar qurgan binolar qulaydi. Bunday iqtisodchilar va hisobchilar qo‘lidagi pullar izsiz yo‘qoladi. Bunday ulamolar tufayli insonlar ma’nan o‘la boshlaydi. Bunday yuristlar va sudyalar qo‘lida adolat yo‘qlik sari yuz tutadi. Qonun chiqaruvchilar qo‘lida boshqaruv yo‘q buladi».

Yuqoridagilardan xulosamiz shuki, agar «orttirilgan kontrakt» ma’qul yo‘llardan biri deb hisoblansa, uni hozirgi ko‘rinishda emas, keltirilgan holatlar takomilashtirilgan holda maqsadga muvofiq, deb hisoblaymiz.

Ziyodulla MUQIMOV,

SamDU professori.