Android qurilmalar uchun Zarnews.uz mobil ilovasi. Yuklab olish x

"Toshkent-66" filmi suratga olinadi

Moskvada o‘tkazilayotgan “O‘zbek kinosi kunlari” doirasida Rossiya va O‘zbekiston vakillari kinematografiya sohasida 5 ta hamkorlik memorandumini imzoladi.

Xususan, "Mars Media" kino kompaniyasi rahbari Ruben Dishdishyan va "O‘zbekkino" milliy agentligi rahbari Firdavs Abduxoliqov "Toshkent-66" filmini suratga olishni kelishib oldi. Shuningdek, "Megogo" va "O‘zbekkino" hamkorligida “Xo‘ja Nasriddin" filmi suratga olinadigan bo‘ldi.

TASS agentligiga bergan intervyusida Yusuf Roziqov rejissyor va ssenarist Rauf Kubayev bilan "Toshkent-66" filmiga ssenariy yozishni boshlamoqchi ekanligini ta’kidladi.

"Toshkentda dahshatli zilzila bo‘lganida biz yosh edik. Ushbu film orqali tabiiy ofatni emas, balki sodir bo‘lgan voqealar va hayotimizdagi o‘zgarishlarni ko‘rsatmoqchimiz", dedi rejissyor Yu.Roziqov.

Eslatib o‘tamiz, 5 oktyabrgacha davom etadigan “O‘zbek kinosi kunlari” doirasida o‘zbek kinoijodkorlari tomonidan suratga olingan 14 ta kinoasar: 10 ta badiiy va 4 ta hujjatli filmlar namoyishi etiladi.

Filmlar ro‘yxati:
1. “Sabot” (rejissyor Rashid Malikov)
2. “Sarviqomat dilbarim” (rejissyor Sarvar Karimov)
3. “Issiq non” (rejissyor Umid Hamdamov)
4. “Berlin-Oqqo‘rg‘on” (rejissyor Zulfiqor Musoqov)
5. “Hayot” (rejissyor Hilol Nasimov)
6. “Elparvar” (rejissyor Abduvohid G‘aniyev)
7. “Tinchlik ortida” (rejissyor Akbar Bekturdiyev)
8. “Abdullajon” (rejissyor Zulfiqor Musoqov)
9. “Sariq devni minib” (rejissyor Sarvar Karimov)
10. “Oyqiz ertagi” (rejissyor Akbar Bekturdiyev)
11. “Raqs jozibasi”
12. “Avitsenna”
13. “Yagona osmon ostida”
14. “Samarqand - qadimiy sharq durdonasi”.

Barno O‘NGBOYeVA,
“O‘zbekkino” milliy agentligi matbuot kotibi.