Android qurilmalar uchun Zarnews.uz mobil ilovasi. Yuklab olish x

Toshkent shahri bilan qatnovlar cheklanadimi? Transport vazirligi aniqlik kiritdi

O‘zbekiston Respublikasi Hukumati rahbariyatining topshirig‘iga binoan joriy yil 16 martdan barcha ta’lim muassasalarida, jumladan, kollej, litsey va oliy ta’lim muassasalarida muddatdan oldin ta’til e’lon qilindi va o‘qishlar to‘xtatildi.

Doimiy yashash manzili bo‘yicha Toshkent shahridan viloyatlarga chiqib ketayotgan yo‘lovchilar oqimi bir necha barobarga ortib ketishi natijasida temir yo‘l vokzallari hamda avtovokzallar ayni damda har doimgidan ko‘ra gavjum.

Bu kabi vaziyat ayrim shaxslar tomonidan noto‘g‘ri talqin qilinib, ijtimoiy tarmoqlarda “Tez orada Toshkent shahri bilan viloyatlar o‘rtasidagi barcha qatnovlar to‘xtatiladi. Shuning uchun fuqarolar doimiy yashash manzillariga chiqarib yuborilmoqda” mazmunidagi haqiqatdan yiroq bo‘lgan ma’lumotlar tarqatilmoqda.

Transport vazirligi bu kabi ma’lumotlar mutlaqo asossiz bo‘lib, Toshkent shahri bilan shaharlararo yo‘nalishlarda amalga oshirilayotgan barcha avia, temir yo‘l, avtomobil tashuvlari uzluksiz ravishda davom ettirilishini ma’lum qildi.