Android qurilmalar uchun Zarnews.uz mobil ilovasi. Yuklab olish x

Toshkentda parranda fermasidagi yong‘inda tovuqlar nobud bo‘ldi

Joriy yilning 6 noyabr kuni soat 04:32 da Toshkent viloyati Toshkent tumani, Ko‘ksaroy hududi, Oqtom MFY, Nizomiy-Ganjaviy ko‘chasidagi “Do‘nya Paranda” MChJga qarashli tovuq fermasida yong‘in bo‘layotganligi haqida yong‘in-qutqaruv xizmatiga xabar kelib tushgan.

Xabar asosida voqea joyiga 6 ta yong‘in o‘chirish bo‘linmalari jalb etilgan. Birinchi bo‘linmalar chaqirilgan manzilga 8 daqiqada yetib borgan.

Ko‘rilgan tezkor harakatlar natijasida yong‘in soat 05.03 da qurshab olinib, soat 06.03 da to‘liq bartaraf etilgan. Tan jarohati olgan va halok bo‘lgan insonlar yo‘q. Biroq yong‘in haqida alanga maydoni kengayib ketgandan so‘ng yong‘in-qutqaruv xizmatiga xabar berilgani uchun birinchi yong‘in o‘chirish bo‘linmalari voqea joyiga yetib borganda, ferma binosi to‘liq ochiq alanga bilan yonayotganligi ma’lum bo‘lgan.

Yong‘in oqibatida tovuq fermasining 250 kvadrat metr maydonida tomi, shifti, ichki qismi yonib zararlangan hamda 150 donadan ortiq tovuqlar nobud bo‘lgan.

O‘zbekiston Respublikasi FVV YoXBB OAV bilan hamkorlik qilish bo‘linmasi xabariga ko‘ra, yong‘inga elektr simlarida yuzaga kelgan qisqa tutashuv sabab bo‘lgani taxmin qilinmoqda. Moddiy zarar miqdori aniqlanmoqda.