Android qurilmalar uchun Zarnews.uz mobil ilovasi. Yuklab olish x

Uz IMEI tizimi bo‘yicha jinoiy guruh faoliyati fosh etildi

So‘nggi vaqtlarda mobil qurilmalarni Uz IMEI tizimidan ro‘yxatdan o‘tkazish bilan bog‘liq muammoli holatlar ijtimoiy tarmoqlarda dolzarb mavzuga aylandi.

Ushbu muammoli masala yuzasidan boshqa mutasaddi vazirlik va idoralar qatorida Davlat bojxona qo‘mitasi tomonidan ham bir qator choralar amalga oshirildi.

Olib borilgan tadbirlar natijasida ro‘yxatdan o‘tmagan mobil qurilmalarni O‘zbekiston Davlat chegarasi orqali harakatlangan fuqarolarning nomlariga noqonuniy yo‘llar bilan ro‘yxatga qo‘yish, shaxslarga doir ma’lumotlarni qonunga xilof ravishda yig‘ib, saqlab, ulardan g‘arazli niyatlarda foydalanib kelayotgan jinoiy guruh faoliyati fosh etildi.

Aniqlanishicha, O‘zbekiston fuqarosi O.A. sheriklari M.B. va T.R.lar bilan tuzgan o‘zaro jinoiy rejaga ko‘ra, qo‘shni davlatlarga o‘tib, u yerda mamlakatimizga kirib kelayotgan O‘zbekiston fuqarolarining pasport ma’lumotlarini telefon yordamida rasmga tushirib, “Telegram” ijtimoiy tarmog‘i orqali yuborib, belgilangan tartibda ro‘yxatdan o‘tkazilmagan mobil qurilmalarni Uz IMEI tizimi orqali ushbu fuqarolar nomiga ro‘yxatdan o‘tkazish bilan shug‘ullanib kelishgan.

Birgina, fuqaro B.M.ning uyali aloqa vositasi ko‘zdan kechirilganida, telefon xotirasida O‘zbekiston fuqarolarining 200 ga yaqin pasport rasmlari borligi, u ushbu pasport ma’lumotlarni yig‘ib, jinoiy sherigi O.A.ga yetkazib berganligi uchun har bir pasportga 5 AQSh dollaridan haq olganligi ma’lum bo‘ldi.

Mazkur xolat yuzasidan Davlat bojxona qo‘mitasi tomonidan Jinoyat kodeksining 141-2-moddasi 2-qismi “a” va “v” bandlari bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilib, tergov organiga yuborildi, deb xabar berdi Davlat bojxona qo‘mitasi axborot xizmati.