Android qurilmalar uchun Zarnews.uz mobil ilovasi. Yuklab olish x

Veterinariya xizmatiga e’tibor qachon oshadi?

Afsuski, bir necha marotaba murojaat qilishimizga qaramasdan viloyat “Chorvanaslbirlashmasi”dan o‘tgan vaqt davomida xorijdan qancha naslli qoramol keltirilgani va hozirda viloyat bo‘yicha nechta chorvachilik xo‘jaligi faoliyat yuritayotgani va ularga jami necha gektar yer ajratilgani, qancha go‘sht va sut ishlab chiqarilgani kabi savollarga javob ololmadik.

Chorvachilikni rivojlantirish bo‘yicha amalga oshirilayotgan sa’y-harakatlarga qaramasdan sohada kutilganidek katta o‘sish sur’ati ham kuzatilmayapti. Xo‘sh, nega?

Birinchi muammo - ozuqa bazasining yetishmasligi, ikkinchisi - keyingi yillarda xo‘jaliklarga yem yetkazib beradigan shoxobchalarning tugatilgani. Qolaversa, zotdor chorvadan nasl olish, sun’iy urug‘lantirish ishlari ham ko‘ngildagidek tashkil etilmayapti. Viloyat veterinariya va chorvachilikni rivojlantirish boshqarmasi ma’lumotlariga ko‘ra, hozirda viloyat bo‘yicha 335 ta veterinariya shoxobchasi ishlab turibdi va ular kerakli asbob-uskunalar bilan jihozlangan, oliy ma’lumotli mutaxassislar faoliyat ko‘rsatmoqda. Samarqand veterinariya meditsinasi institutida yiliga 300 ga yaqin veterinar mutaxassis tayyorlanadi. Demak, sohada kadrlar yetishmovchiligi muammosi yo‘q, barcha muammo malakada.

Mavzuni Jomboy tumani misolida davom ettirsak.

Tumandagi 28,7 ming xo‘jalik ixtiyorida 54,3 ming yirik shoxli va 24,8 ming mayda shoxli chorva mollari, 700 dan ortiq ot va 160 mingga yaqin parranda bor. Ular tuman veterinarlari tomonidan 24 xil kasallikka qarshi emlanadi.

- Tumanimizda 20 ta veterinariya shoxobchasi bor va ularda 12 nafar oliy, 8 nafar o‘rta ma’lumotli xodim mehnat qiladi, - deydi tuman veterinariya va chorvachilikni rivojlantirish bo‘limi boshlig‘i o‘rinbosari Aslam Abdurahimov. – Ammo 20 ta punktning birortasida ishlash uchun bino ham, ish texnikasi ham yo‘q. Shunchaki, hududlarning uzoq-yaqinligi, chorva bosh sonining kam-ko‘pligiga qarab punktlar tashkil etilgan. Masalan, tuman markazidagi 7 mahallaga bitta veterinar vrach biriktirilgan, Polvonariq mahallasida esa bitta vetvrach 50 kilometrgacha olisdagi aholiga veterinariya xizmati ko‘rsatadi. Vetvrachlarning maoshi esa tajribasiga qarab 700-800 ming so‘mni tashkil etadi. Veterinarlarda laboratoriya jihozlari (termometr, UZI, rentgen, jarrohlik asbob-uskunalari) bo‘lmasa vrach qanday qilib malakali xizmat ko‘rsatadi? Veterinar vrach va hatto, bo‘limda ham birorta xizmat texnikasi bo‘lmagandan keyin mutaxassis chorva molini davolash uchun qanday qilib tezda yetib boradi? 

Tumanning Beshbola mahallasida yashovchi Gulnora Bekchanova 2017 yilda Milliy bankning tuman filialidan 6,5 million so‘m kredit olib “Rahmatillo Qoraboyev” fermer xo‘jaligidan 3 bosh mahalliy qoramol olgan. Hozirda chorva mollari soni 6 boshga yetgan va ulardan kuniga 8-10 litrdan sut sog‘ib olinadi. Hudud veterinari kelib kasallikka qarshi emlab ketarkan, zarurat bo‘lganda vetvrachni telefon orqali chaqirishini bildirdi.

Tumanda chorvachilik yo‘nalishida 105 fermer xo‘jaligi faoliyat yuritayotgan bo‘lsa, ularning 84 tasi qoramolchilikka ixtisoslashgan. Xo‘jaliklarga 2543 gektar suvli, 340 gektar lalmi maydon biriktirilgan. Fermerlar joriy yilning 9 oyida 4782 litr sut, 1427 kilogramm go‘sht ishlab chiqargan. Tumanda chorva naslini yaxshilash uchun o‘tgan yillarda Polsha, Belarus, Ukraina, Qozog‘iston, Rossiya, Germaniya va boshqa davlatlardan “Qora ola golshtin”, “Golshtin Friz”, “Qozoq oqbosh”, “Sigmental”, “Santa Gertruda”, “Angust Shved” kabi 2 ming boshga yaqin naslli chorva zotlari keltirilgan.

Tumandagi “Sodiqova O‘g‘iloy MXXR” fermer xo‘jaligi yaqinda Belarus davlatidan 64 bosh “Sigmental” va “Qora ola golshtin” zotli naslli chorva mollari keltirdi.

- Xalq banki tuman filialining 44,5 ming dollar krediti hisobidan chorva mollari keltirdik va noyabr oyi oxirida yana 60 bosh naslli chorva keltiramiz, - deydi xo‘jalik boshlig‘i Abdusami Sodiqov. – Chunki naslli mol oddiy xashak va yem bilan ham kuniga 300-350 gramm vazn to‘playdi, 2 yoshli naslli qoramol 1,5 tonnagacha tirik vaznga ega bo‘ladi. Shuning uchun ham xorijdan naslli qoramol keltirish ancha yaxshi samara beradi. Shu paytgacha chorvachilik xo‘jaliklari uchun bir qator imtiyozlar bor edi. Endilikda bu imtiyozlar bekor qilindi. Shu bois bojxona kirim-chiqimlari uchun 2 million 400 ming so‘m to‘ladik. Joriy yil 1 oktyabrdan kuchga kirgan o‘zgartirishga ko‘ra bojxona to‘lovlaridan tashqari import qilingan tovar uchun 15 foiz qo‘shimcha to‘lov qilishimiz kerak. Bu naslli chorva mollarini import qiladigan xo‘jaliklarga qo‘shimcha xarajat va mahsulot tannarxining oshishiga olib kelmoqda. Me’yorga ko‘ra 100 bosh chorva moli bor xo‘jalikda bitta vetvrach bo‘lishi kerak, ammo bizda chorva mollari soni yuztaga yetmaydi, shuning uchun mahalliy vetvrach xizmatidan foydalanamiz.

Tumandagi “Rahmatullo Qoraboyev” fermer xo‘jaligiga 18 gektar suvli maydon biriktirilgan va xo‘jalikda 70 bosh chorva moli boqilmoqda. Zotdor chorva molida samaradorlik yuqori bo‘lgani uchun 2006 yilda xorijdan 8 bosh “Golshtin Friz” zotli naslli qoramol keltirgan.

- Naslli chorva mollaridan sun’iy urug‘lantirish ishlari samara bermadi, naslli qoramollarni mahalliy zotlarga aralashtirdik, - deydi xo‘jalik ish yurituvchisi Sodiq Qoraboyev. - Hozir xo‘jaligimizda o‘sha zotdor chorva mollaridan olingan qoramollarni ko‘paytiryapmiz. Ammo alohida veterinarimiz yo‘q.

Yurtimizda chorvachilikni rivojlantirishda kasallikka qarshi kurashish, zotdor mollarni mahalliylashtirish, nasl olish kabi qator muammolar bor. Imtiyozli narxlarda yem tarqatish shoxobchalarining tugatilgani ham soha rivojiga to‘siq bo‘ldi.

“Tibbiyot insonni, veterinariya insoniyatni davolaydi”, deyishadi. Ammo joylarda veterinariya xizmatini yaxshilamasdan turib insoniyatni davolab bo‘larmikan.

 O‘ktam XUDOYBERDIYeV,

“Zarafshon” muxbiri.