Android qurilmalar uchun Zarnews.uz mobil ilovasi. Yuklab olish x

Xotin-qizlar qo‘mitasi bozordagi uysiz onaxonga yordam berdi

Xotin-qizlar qo‘mitasi bozorda tilanchilik qilib, kechalari o‘sha yerda tunayotgan bir ayolga yordam ko‘rsatgan. Bu haqda qo‘mita matbuot xizmati xabar bermoqda.

Ijtimoiy tarmoqlarda 4 noyabrdan 5 noyabrga o‘tar kechasi “Abu-Saxiy” bozori atrofida uysiz qolgan keksa yoshdagi onaxon ko‘chada yotib kun kechirayotgani haqida videoxabar tarqalgan edi.

Toshkent shahar xotin-qizlar qo‘mitasi mutasaddilari videoxabardagi voqeani o‘rganishgan. Ma’lum bo‘lishicha, o‘zini avvaliga Farg‘ona viloyatidan, ismi-sharifini Shamsiyeva Klara Tajibayevna deb tanishtirgan, Farg‘onada qarindoshlari, kattagina uchastkasi bor ekanini aytgan bu ayol aslida Toshkent viloyatining Parkent tumanidan Tojiboyeva Mahmuda Toshkenboyevna bo‘lib chiqqan.

M.Tojiboyeva 8 avgust kuni Chilonzor tumani ma’muriy sudining qaroriga binoan Toshkent shahar ichki ishlar bosh boshqarmasining reabilitatsiya markaziga joylashtirilgan. Bu muddat tugagach, yana bozorlarda tilanchilik qilib, tunlari shu yerlarda yotib yurgan.

M.Tojiboyeva xotin-qizlar qo‘mitasining zo‘rlik ishlatishdan jabr ko‘rgan shaxslarni reabilitatsiya qilish va moslashtirish hamda o‘z joniga qasd qilishning oldini olish Respublika markazi qoshidagi Toshkent shahar reabilitatsiya qilish va moslashtirish markaziga joylashtirilgan. Bu yerda unga yangi kiyim-bosh, ovqat berilgan, psixolog va tibbiyot xodimlari qaroviga olingan.

Bir necha soat davom etgan qidiruv ishlaridan so‘ng ayolning yaqinlari topilgan. Kechki soat 20:00 lar atrofida bu ayol qarindosh-urug‘lari bag‘rida Parkent tumaniga kuzatib qo‘yilgan.