Android qurilmalar uchun Zarnews.uz mobil ilovasi. Yuklab olish x

Samarqand shahridagi xiyobonga nega kitob javoni o‘rnatilgandi? Javonning bo‘m-bo‘shligi haqida izoh berildi

Bugun Zarnews.uz telegram kanalida KUN FOTOSI ruknida “Mana bir necha kun o‘tgan bo‘lsada, Samarqand shahridagi Ko‘k saroy xiyoboniga o‘rnatilgan javon hali ham bo‘m-bo‘sh. Mazkur kitob javoni nima maqsadda qo‘yilgan?” deb izoh berilgandi.

Xiyobonda bo‘m-bo‘sh turgan kitob javoni yuzasidan Milliy gvardiya viloyat bo‘limi izoh berdi.

Milliy gvardiya harbiy xizmatchilari Muhtaram Prezidentimiz tomonidan ilgari surilgan 5 muhim tashabbusining 4-yo‘nalishi ijrosini ta’minlash hamda yoshlarning kitobga bo‘lgan qiziqishini oshirish maqsadida 2019 yil 26 iyun kuni Samarqand shahridagi Ko‘ksaroy maydoni va Alisher Navoiy nomidagi istirohat bog‘ hududiga kitob javonlari o‘rnatgan. Ushbu kitob javonlariga turli xil badiiy kitoblar qo‘yilgan. Maqsad – javonda turgan kitoblarni yoshlar bo‘sh vaqtida olib o‘qib, yana joyiga qo‘yib ketishi kerak bo‘lgan.

Ammo bugungi kungacha hamshaharlarimiz tomonidan javondagi kitoblar olib ketilgan hamda qaytarilmagan. Ko‘k saroy maydonidagi javonga ikki marta Alisher Navoiy nomidagi istirohat bog‘i hududidagi javonga esa uch marta 200 ga yaqin kitob qo‘yilgan. Kitoblarni o‘g‘irlatmaslik maqsadida kelgusida mazkur javonlarga to‘liq video kuzatuv uskunalarini o‘rnatish rejalashtirilgan.

"Hurmatli fuqarolar! Ushbu javonlardagi kitoblar uyda o‘qish uchun emas, balki kitob javoni yonidagi o‘rindiqlarda o‘tirib, o‘qib bo‘lgach yana joyiga qaytarib qo‘yish uchundir. Zero, sizdan boshqa fuqarolar ham ushbu kitobni o‘qish ishtiyoqida yurganini unutmang", deyiladi izohda.