Android qurilmalar uchun Zarnews.uz mobil ilovasi. Yuklab olish x

Gulnora Ma’rufova: Bunday vaziyatda oilani saqlab qolish imkonsiz

Mahalla va oilani qo‘llab-quvvatlash vazirining birinchi o‘rinbosari G.Ma’rufova zo‘ravonlikka uchragan samarqandlik ayol va uning farzandlari holidan xabar oldi.

– Gulnora opa bilan birgalikda M. vaqtincha yashab turgan joyga borib, u bilan suhbatlashdik – deydi Samarqand viloyati mahalla va oilani qo‘llab-quvvatlash boshqarmasi boshlig‘ining birinchi o‘rinbosari S.Jumayeva –  G.Ma’rufova ayol bilan gaplashib, hozirgi vaziyatda asosiy masala u va farzandlarining salomatligi ekanligini ta’kidlab, bu notinch oilani yarashtirish yoki saqlab qolish imkonsizligini qayd etdi. Zo‘ravon erga nisbatan huquq-tartibot idoralari qonunchilikda belgilangan tartibda chora ko‘rishi, ayol davlatimiz himoyasida bo‘lishini bildirdi.

S.Jumayeva hozirda ijtimoiy tarmoqlarda keng muhokama bo‘layotgan bu oilani yarashtirishga harakat qilinmoqda, degan fikrlarga munosabat bildirib, bunday taklif va reja yo‘qligini aytdi. Bu oilani saqlab qolish keyinchalik yomon oqibatlarga olib kelishi mumkinligini qayd etdi. Ayol va uning farzandlari salomatligi, psixologik holati viloyat hokimligining ham nazoratida. Hozirda unga tibbiy-ijtimoiy, moddiy va ma’naviy yordam ko‘rsatilmoqda.