Farzandingiz mehnatga layoqatlimi?

Muallif haqida: Sultonmurod Olim. 1954 yili Buxoro viloyatida tug‘ilgan. Toshkent davlat universitetini imtiyozli diplom bilan tugatgan. Tashqi ishlar vazirligida «Spich rayter» guruhi rahbari, tahririyat mudiri, O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti devonida bosh konsultant, Respublika Ma’naviyat targ‘ibot markazi rahbari o‘rinbosari lavozimlarida ishlagan. O‘zbekiston Yozuvchilar uyushmasi a’zosi. O‘zbekistonda xizmat ko‘rsatgan madaniyat xodimi. Hozirgi paytda «Naqshbandiya» jurnali bosh muharriri.
1967 yildan buyon matbuotda qatnashib kelayotgan bir qalamkash sifatida ochiq aytamanki, bu dunyoda bir narsa yozishdan qiyinroq ish bo‘lmasa kerak. Chunki yozganda birov o‘qiydigan qilib yozish – lozim-da. Bu – ancha murakkab vazifa. Shuning uchun bu soha kishilari tabiatan juda injiq keladi.
Ba’zilarning ish stoli ustida har doim sigareta tayyor turishi – zarur. O‘tda kuyganday, tamoman tutun ichida qolib yozadi bechoralar. Kimdir tinimsiz kofe ichar ekan.
Kamina bo‘lsa choysiz stolga o‘tirmaydi. Choy ham kiyik o‘ti aralashtirib damlangan bo‘lishi – shart. Piyoladan krujka – qulay. Dastasi – bor-da. Kompyuterda ishlayotgan kir barmoq labga bosiladigan joyga tegmaydi. Uni to‘ldirib, noutbukning orqasiga qo‘yib qo‘yaman. Ikki yonda bo‘lsa, xalaqit qiladi-ku. Shunday qo‘lni cho‘zganimda barmoqlarim dastasini osongina topadi.
Yaxshi. Lekin buning uchun, avvalo, choy ko‘ngildagidek damlanib, stol ustiga keltirilgan, krujkaga quyilib, noutbukning ekrani orqasiga tayyor qilib qo‘yilgan bo‘lishi – zarur-da.
Bu bir misol edi. Maqsad – boshqa. Hayot ham – shunday, demoqchiman. Har kim o‘ziga kerakli narsani oldindan tayyorlab olishiga to‘g‘ri keladi. Bu esa hech ham mehnatsiz bo‘lmaydi.
Ko‘plar ana shunda adashadi-da. Istak – bor-u, shu ehtiyojni ta’minlashga yetadigan mablag‘ – yo‘q. Mablag‘ topish uchun esa mehnat qilish – kerak.
Sergelidagi velosiped magazini oldida bir usta har kuni “shaytonarava”larni ta’mlash bilan shug‘ullanadi. O‘g‘ilchasi maktabdan kelib, choyini ichadi-da, otasining oldiga yuguradi. Qarashadi-da. Bahonada ish o‘rganadi. Ertaga maktabni bitirib, biror o‘qishga kirsa, kirar. Kirolmasa, ishi – tayyor. Qo‘lida hunari – bor-ku.
Boshqa ko‘plar: “Qachon davlat zavod yo fabrika qurib, o‘g‘lim yo qizimni ishga olar ekan?” – deb, xom xayol surib yuribdi. Birinchidan, davlat bundan buyon zavod yo fabrika qurmaydi, bularni endi boylar quradi, chunki bozor iqtisodi sharoitida davlatning ishlab chiqarishidagi ulushini kamaytirgandan-kamaytirish – shart. Ikkinchidan, qurilgan ana shu zavod yo fabrikaga ham birinchi galda qo‘lida hunari borlar ishga qabul qilinadi. O‘zingiz o‘ylab ko‘ring, axir, zavod yoki fabrikada tappa-tayyor velosiped ustasi yaxshiroq ishlay oladimi yoki umrida bir lampochka ham buramagan, o‘n sakkiz-o‘n to‘qqiz yilni “yallama yorim” qilib o‘tkazganmi?
Bizda turmush qurgan har qanday oila farzand ko‘rishni jon-dilidan istaydi. Bu hozirgi dunyoda juda katta ijobiy ko‘rsatkich hisoblanadi. Ayrim G‘arb davlatlarida shu – yo‘q. Shuning uchun ularning aholisi yildan-yilga kamayib boryapti. Aholi soni chet davlatlardan ko‘chib borganlar hisobigagina o‘syapti, xolos.
Farzand ko‘rdikmi, tirishib bo‘lsa ham, ularni boqamiz, albatta. Bu ham – zo‘r ko‘rsatkich.
O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasining 64-moddasida shunday so‘zlar bitilgan:
“Ota-onalar o‘z farzandlarini voyaga yetgunlariga qadar boqish va tarbiyalashga majburdirlar.
Davlat va jamiyat yetim bolalarni va ota-onalarining vasiyligidan mahrum bo‘lgan bolalarni boqish, tarbiyalash va o‘qitishni ta’minlaydi, bolalarga bag‘ishlangan xayriya faoliyatlarni rag‘batlantiradi”.
Shukr, Bosh qonunimiz bu moddasi ikkala bandiga ham qat’iy amal qilib kelinyapti. Bu – juda quvonarli hol.
Lekin endi ikkinchi bundan kam bo‘lmagan masala ham – bor-da. Farzandni bozor iqtisodiyotining shafqatsiz kurashlardan iborat sharoitiga mos holda tarbiyalash – zarur-da.
Bizda son masalasi hal qilinyapti-yu, ko‘p hollarda sifat masalasida juda-juda oqsayapmiz. Ya’ni har yili yarim milliondan ko‘proq farzandimiz umumiy o‘rta yoki o‘rta maxsus bilim olgani to‘g‘risidagi hujjatga ega bo‘lyapti. Bir qismi, tabiiyki, oliy ta’lim muassasalariga o‘qishga kirib, bilim olishni davom ettiradi. Qolganlari-chi? Mana, ta’lim tizimida o‘qish boshlandi. Bultur shu bitiruvchi ta’lim muassasasiga borgan. Bugun-chi? Ish topdimi yo uyida televizor ko‘rib, saqich chaynab, ota-onasi olib bergan qimmat telefonini titkilab o‘tiribdimi?
Bolamiz voyaga yetdi, ham deylik. Biroq biz uni mehnatga layoqatli qilib tarbiyalay oldikmi? U o‘ziga o‘zi biror ish topdimi?
Buning oti, oddiygina qilib, “mehnat tarbiyasi” deyiladi.
Bizda dunyo miqyosida kamyob hisoblanadigan yana bir milliy fazilat – bor. Bu keksayib qolgan ota-onani farzandlar boqishi – masalasi. O‘zini anglagan aksar o‘g‘il-qizlar keksa ota-onasini yaxshi yedirib-ichiradi, sipogina qilib kiyintirib qo‘yadi. Axir, O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasining 66-moddasida: “Voyaga yetgan, mehnatga layoqatli farzandlar o‘z ota-onalari haqida g‘amxo‘rlik qilishga majburdirlar”, – deb, aniq-tiniq qilib yozib qo‘yilgan-da.
Hayotning ichiga ko‘zoynaksiz boqqan odam ham ko‘radiki, bugun ayrim oilalarda pensionerlar bolalarini boqyapti. Bu qanaqasi bo‘ldi endi? Teskarisi bo‘lishi kerak emasmi edi?! Bunaqada iqtisodimiz oldinga ketadimi yoxud orqagami?
Buxoro qishloqlaridan birida qassoblik do‘konida ishlayotgan yigit: “Uyida pensioneri bor oilalarga og‘rinmay qarzga go‘sht beraman. Chunki pensiya olishganidan keyin qarzni uzishadi-da. Uyida ish yoshidagi kishilar bor-u, lekin hech yerda tayinli ishlamaydiganlardan pulimni qanday olaman, axir?” – deydi.
Aybni birovdan izlamaylik. “Axir, bolangizni mehnatga layoqatli yoshga yetkazibsiz-u, mehnatga layoqatli qilib tarbiyalamabsiz-da, birodar!” – deydigan odam – yo‘q.
Ana endi xulosani baralla aytsak, bo‘lar.
Jamiyat – shaxsdan mehnatga layoqatli yoshga yetguniga qadargina qarzdor. Keyin esa inson – jamiyatdan qarzdor.
Bir umr hayotdan nolib yuradigan odamni dunyoning eng boy mamlakati bo‘lmish AQShga olib borib qo‘ysangiz ham, norozilik qilaveradi. Amerikaga-ku bormaganman. Lekin ko‘p ko‘rsatkichlar bo‘yicha Yer yuzining ikkinchi mamlakati bo‘lmish Germaniyada ham to‘rt muchasi soppa-sog‘ ayrim kishilarning gadoylik qilib o‘tirganini ko‘rdim.
Ayb jamiyatda emas.
Molingizni sotib, joningizni tikib bo‘lsa ham, mehnatga layoqatli farzandlar tarbiyalang!
Bir kishi yeb-ichganidan ortiq mahsulot yetishtirsa, mamlakat rivojlanadi. O‘zining yeb-ichishiga yetadigan mahsulot ham yetishtirolmasa-chi?
Davlat qishloqlarimizdagi kam ta’minlangan oilalarga imtiyozli kredit asosida issiqxonalar qurib beryapti. Bir xonadonga kirib ko‘rdim. Ikkita bir sotixli guldakkina issiqxona qurilgan. Ichimdan o‘tgan gapni yashirmayman: “Qani, endi shu sharoit kaminada bo‘lsa edi. Yetmish yoshga yaqinlashgan bo‘lsam ham, kechalari uxlamay bo‘lsam ham, shu issiqxonalarda qishda pomidor, bodring yo bulg‘oriy yetishtirar edim”, – deb o‘yladim. Afsus, issiqxonalar qanday qurilgan bo‘lsa, shundayicha turibdi. Aksincha, har yili ochiq maydon sifatida ekilgan ikki sotix hosildor yerni ham band qilib yotibdi. Issiqxonaga bir narsa ekib, parvarishlab, qishda hosil olish uchun, birinchidan, sifatli ko‘chat sotib olish, ikkinchidan, ularni ekib, parvarishlash uchun aql, uchinchidan, tinimsiz mehnat – kerak. Layoqatsiz bu sohibi xonadonda shularning hech biri yo‘q bo‘lsa-chi?
Dunyoning 10 ta davlatida bo‘lganman. Ko‘plarining iqtisodi, demak, turmush darajasi – bizdan ko‘p yuqori. Kelgan qat’iy xulosamni hech kim o‘zgartira olmaydi: jamiyatni layoqatsiz kishilar orqaga tortadi.
Bu dunyoda bundan boshqa haqiqat – yo‘q.