Android qurilmalar uchun Zarnews.uz mobil ilovasi. Yuklab olish x

Samarqanddagi Qorasuv massivida 18 ta ko‘p qavatli zamonaviy uylar foydalanishga topshirildi

E’tiborlisi, viloyat hokimligi tomonidan o‘ta muhtoj 26 ta oilaga xonadonlar kaliti bepul taqdim etildi. Yana 14 xonadon muhtoj oilalarga berilishi rejalashtirilgan.

- O‘n besh yildan buyon uysizman, - deydi Nasiba Ulug‘murodova. - Qiynalganimdan bolalarimni mehribonlik uyiga topshirishga majbur bo‘lganman. Mana, bugun viloyat hokimligi bizga ikki xonalik uy berdi. Minnatdorligimni so‘z bilan ifodalab bera olmayman.

Turkiya texnologiyasi asosida barpo etilgan zamonaviy uylar 9 balli zilzilaga bardosh bera oladi. Har bir xonadonda zamonaviy isitish moslamasi, gaz uskunasi, oshxona mebeli bo‘lib, uylar yashash uchun tayyor holda topshirilmoqda.

"AGROMIR BULDINGS" MChJ tomonidan qurilayotgan ushbu zamonaviy xususiy uylar loyihasi 47 binodan iborat bo‘lib, qolganlari joriy yilning iyun oyigacha topshirilishi rejalashtirilgan. Har bir bino qurilishiga 8 milliard so‘m mablag‘ sarflangan. Tadbirda ilg‘or quruvchilar ham taqdirlandi.

- Bu shaharchada 100 ming o‘rinli xonadon quriladi, - dedi viloyat hokimi Erkinjon Turdimov. - Bugun shaharchada mingta xonadon egalariga topshiriladi. Kelgusida 24 qavatli uylar ham qurilishi rejalashtirilgan. Shuningdek, avtomashinalar uchun maxsus to‘xtash joylari quriladi. Yana 1670 o‘rinli maktab qurilishi boshlandi. Ushbu muassasa joriy yil sentyabr oyida ishga tushadi.

Tantanali ochilish marosimida taniqli xonandalar Hosila Rahimova, Alisher Fayz, Mardon Mavlonovlarning kuy-qo‘shiqlari yig‘ilganlarga bir olam zavq ulashdi. Shuningdek, xalqimizning sevimli qiziqchisi Valijon Shamsiyevning chiqishlari tadbir qatnashchilariga manzur bo‘ldi.