Urgut tumanidagi homilador ayolning o‘limi yuzasidan Samarqand viloyati sog‘liqni saqlash boshqarmasi ma’lumot berdi
Kecha saytimizda Urgut tumanida homilador ayol vafot etgani haqida axborot bergan edik. Ushbu holat yuzasidan Samarqand viloyat sog‘liqni saqlash boshqarmasi axborot xizmati ma’lumot berdi.
Qayd etilishicha, 1998 yilda Urgut tuman Jartepa mahallasida tug‘ilgan S.E. 2019 yil 4 yanvarda «Homiladorlik I 12-13 haftalik» tashxisi bilan Urgut tuman 1-son markaziy shifoxonasi poliklinikasida hisobga olingan. Ayol oilasi bilan Samarqand shahrida yashashi, Samarqand davlat chet tillar institutida o‘qishi sababli homiladorlik individual kartasini 2019 yil 16 fevralda Samarqand shahar 2-son oilaviy poliklinikasiga olib ketgan.
Homilador ayol joriy yilning 2 iyul kuni soat 12:00 da Urgut tuman 1-son shifoxonasi tug‘ruq bo‘limiga qabul qilingan. Vrachlar ko‘rigidan so‘ng unga “Homiladorlik I 40 hafta. Tug‘ruq I. Tug‘ruqning I davri. Bosh-chanoq nomutanosibligi. Homilaning noaniq holati. Anemiya o‘rta og‘ir darajasi. HbsAg manfiyligi” tashxisi qo‘yilgan va tug‘ruq kesar-kesish orqali olib borilgan.
Tug‘ruqdan keyingi davr yaxshi kechgan, ammo 6-7-sutkada ayolda tana haroratining ko‘tarilishi, qorin dam bo‘lishi kuzatilgan. 10 iyul kuni malakali xirurglar tomonidan ko‘rilib, qayta operatsiya qilingan. Ayolda operatsiyadan keyin arterial qon bosimi tushgan, poliorgan yetishmovchiligi kuzatilgan. Malakali mutaxassislar ko‘rigi va o‘tkazilgan muolajalarga qaramay, 14 iyul kuni soat 21:30 da biologik o‘lim qayd qilingan.