0,7 gr. nashani deb «Mersedes-bens»dan ayrildi

Qo‘shni respublika fuqarosi A.A. boshqaruvidagi “Mersedes Bens 180” rusumli yengil avtomashina belgilangan tartibda va xolislar ishtirokida ko‘zdan kechirilganida, haydovchi o‘rindig‘i ostidagi to‘shama tagida qog‘ozga o‘ralgan holatda 0,7 gr. “marixuana” giyohvandlik moddasi yashirilgani aniqlandi.

Yaqinda mazkur holat yuzasidan sud majlisi bo‘lib o‘tdi. Unda sudlanuvchi giyohvandlik moddasi iste’mol qilmasligini bayon qilgan bo‘lsada, Samarqand viloyati sud tibbiy ekspertiza byurosining xulosasiga ko‘ra, A.A.ning organizimida tetragidrokannabinoidlar (nasha, marixuana) topilgan.

Sud sudlanuvchi A.A.ning sodir qilgan jinoyatini qasddan sodir etilgan og‘ir jinoyat deb hisoblab, uning muqaddam sudlanmaganini, oilali bo‘lib, qaramog‘ida 2 nafar voyaga yetmagan farzandlari borligini e’tiborga olgan holda tegishli qarorni chiqardi.

Unga ko‘ra, sudlanuvchi A.A.ga nisbatan eng kam oylik ish haqining 50 baravari miqdorida jarima jazosi tayinlandi va O‘zbekiston Respublikasiga kelish huquqidan 10 yilga mahrum qilindi.

Uning boshqaruvidagi “Mersedes Bens 180” rusumli avtomashina davlat foydasiga musodara qilindi va topilgan “marixuana” giyohvandlik vositasi tegishli tartibda yo‘q qilindi.

Samarqand viloyat bojxona boshqarmasi

Axborot xizmati.