1 kilogramm bug‘doy yetishtirish uchun 1000 litr, 1 dona shokolad plitkasini ishlab chiqarish uchun 17 ming litr suv sarflanadi
Yer sayyorasida iqlim o‘zgarishi va aholi sonining o‘sishi ichimlik suvi iste’moliga bo‘lgan talabning oshishiga olib kelmoqda. Masalan, dunyoda aholi soni 1987 yilda 5 milliardni tashkil etgan bo‘lsa, 1999 yilda 6 milliard, 2011 yilda esa 7 milliard nafarga yetdi. Har 1 milliard nafar aholi o‘sishi uchun o‘rtacha 12 yil vaqt ketganini ko‘rish mumkin. Ushbu ko‘rsatkich suv iste’moliga talab yildan yilga o‘sayotganini ko‘rsatadi.
Hozirgi kunda dunyo aholisining 40 foizdan ortig‘i yoki 41 mamlakat aholisi suv tanqisligi sharoitida yashab kelmoqda. Bulardan o‘ntasi hozirgi kunda chuchuk suv manbalarini butunlay yo‘qotib qo‘yishga yaqinlashib qolgan va noan’anaviy manbalarni ishga solishga majburdir.
Tez-tez sodir bo‘layotgan qurg‘oqchiliklar hamda tobora kuchayib borayotgan qumlanish jarayonlari mazkur holatning yanada og‘irlashishiga olib kelyapti. 2050 yilga qadar suv zaxiralari yanada kamayib, butun dunyo bo‘ylab har to‘rt insondan bittasi suv tanqisligidan aziyat chekishi bashorat qilinmoqda. Shu bois BMT 2015 yil sentyabr oyida o‘tkazilgan Sammitda maxsus rezolyusiya qabul qilib, unda 2030 yilgacha bo‘lgan davrda barqaror rivojlanish maqsadlarini belgilab olgan. Ulardan oltitasi har bir insonning toza ichimlik suvi va sanitariya vositalaridan foydalanish imkoniyatini yaxshilashni nazarda tutadi.
Mamlakatimizda 2030 yilgacha bo‘lgan davr mobaynida barcha uchun suv resurslari va sanitariyaning mavjudligi, ulardan oqilona foydalanishni ta’minlashni amalga oshirish milliy maqsadi belgilab o‘tilgan. Jumladan,
- barcha uchun toza ichimlik suvidan umumiy va teng huquqli foydalanish imkoniyatini ta’minlash;
- tegishli sanitariya-gigiyena vositalaridan umumiy va teng huquqli foydalanish imkoniyatini ta’minlash, aholining ijtimoiy zaif qatlami ehtiyojlariga alohida e’tibor qaratish;
- suv muhitining har qanday, jumladan, quruqlikdagi faoliyat natijasida ifloslanishini sezilarli ravishda kamaytirish hamda oqova suvlarni xavfsiz tarzda qayta ishlatish hajmini oshirish;
- iqtisodiyotning barcha sohalarida suvdan foydalanish samaradorligini sezilarli oshirish;
- barcha darajalarda suv resurslarining kompleks, shu jumladan, zaruratga ko‘ra trans-chegaraviy hamkorlik asosida boshqarilishini ta’minlash;
- suv bilan bog‘liq ekotizimlar, shu jumladan, tog‘lar, o‘rmonlar, suvli-botqoqli hududlar, daryolar, suvli qatlamlar va ko‘llarning qo‘riqlanishi va tiklanishini ta’minlash;
- fuqarolarning o‘zini o‘zi boshqarish organlarining suv xo‘jaligi va sanitariyani yaxshilash ishidagi ishtirokini qo‘llab-quvvatlash va mustahkamlash.
Milliy maqsadlarga erishish va vazifalarni amalga oshirish maqsadida Respublikaning 2035 yilga qadar suv ta’minoti va suv chiqarilishi strategiyasi qabul qilingan. Mazkur strategiya respublikanining suv ta’minoti va kanalizatsiya sohasida sifat jihatidan mutlaqo yangi tizim yaratishga qaratilgan. Bu esa O‘zbekistoning mavjud resurslar bazasi va raqobatdosh ustunliklariga tayangan holda sohadagi muammolarni innovatsion yechimlarini belgilab beradi.
Mamlakatimiz dunyo resurslari instituti (World Resources Institute) tomonidan e’lon qilingan suv stressidan aziyat chekuvchi mamlakatlar reytingida 164 mamlakat orasidan 25-o‘rinni egalladi. Tadqiqotlarga ko‘ra, O‘zbekiston yuqori suv tanqisligi mavjud 27 davlatdan iborat guruhga kiritilgan. Bu Markaziy Osiyodagi suv zaxiralari tobora kamayib borayotgani, mamlakatimiz hududi esa yuqori suv tanqisligi mavjud davlatlar qatorida turganligi mavjud muammoga chuqur yondashish zarurligini anglatadi.
Rivojlangan mamlakatlar hozirgi kunda suv iste’mol miqdorini aniqlashda virtual suv atamasini keng qo‘llamoqda. Virtual suv bu har kuni iste’mol qiladigan oziq-ovqatlarni yetishtirish uchun ketgan suvning hajmidir. Masalan, bir kilogramm bug‘doy yetishtirish uchun (lalmi bo‘lmagan) ming litrga yaqin, bir dona shokolad plitkasini ishlab chiqarish uchun 17 ming litr suv sarflanadi. Bu orqali oldindan ichimlik suv miqdoriga bo‘lgan talabni hisoblashimiz mumkin bo‘ladi.
O‘zbekiston hududidan Sirdaryo va Amudaryo kabi ikkita yirik daryo oqib o‘tadi, shunga qaramay respublikamiz aholisi toza suv tanqisligini boshdan kechirmoqda. Ichimlik suvining yetishmasligi suv resurslaridan oqilona foydalanish bilan bog‘liq. Rivojlangan davlatlarda me’yoriy qoidalar bo‘yicha kishi boshiga bir kunlik o‘rtacha suv sarfi 100-120 litr hisoblansa, mazkur raqamlar Angliyada 150 litrni, Rossiyada 250 litrni, mamlakatimizda shahar joylarda 250 litr, olis hududlarida esa 100-120 litrni tashkil etadi. Bu ko‘rsatkich yildan-yilga oshib bormoqda.
Hozirgi kunda mamlakatimizda ichimlik suvi isrof bo‘lishining oldini olish bo‘yicha bir qator ishlar amalga oshirilyapti. Jumladan, ishlab chiqarish jarayonida suvni tejovchi yangi jihozlar o‘rnatish, tarmoqlardagi yo‘qotishlarning oldini olish maqsadida eski turdagi quvurlarni yangi, sifatlilariga almashtirish, joylarda yuzaga kelgan suv ta’minotidagi uzilishlarni tez fursatda bartaraf etish ishlari bajarilyapti.
Suv o‘lchagichlarni o‘rnatish orqali ichimlik suvi hisobi aniq yuritilib, aholi tomonidan ishlatilgan ichimlik suvi uchun to‘lov amalga oshirilmoqda. Suv yetkazib beruvchi nasos stansiyalarida sarf miqdoriga qarab energiya tejovchi va avtomatik boshqaruv funksiyali nasoslardan foydalanish yo‘lga qo‘yilmoqda.
Nafaqat bugungi kun, balki kelajak avlodlar oldidagi mas’uliyatni his qilgan holda ichimlik suv manbalarini tejash darkor. Suv faqat chanqoqni qondirishigina emas, balki suv orqali sanitar-gigiyenik holat barqarorligini ta’minlashiga ham e’tibor qaratish payti keldi. Joylarda jamoatchilik nazorati orqali ichimlik suviga bo‘lgan munosabatni to‘g‘ri yo‘lga qo‘yish va targ‘ibot ishlarini amalga oshirishimiz lozim.
Unutmaylik, suv - buyuk ne’mat, ammo bu ne’mat cheksiz va hisobsiz emas!
Rustam Sattorov,
Uy-joy kommunal xizmat ko‘rsatish vazirligi boshqarma boshlig‘i.
Omon Abdullayev,
boshqarma yetakchi mutaxassisi.