1 martdan boshlab aholining minimal iste’mol xarajatlari miqdori e’lon qilinishi belgilandi

Prezidentimiz Oliy Majlisga Murojaatnomasida iqtisodiy islohotlar, xususan, aholini kambag‘allikdan chiqarish masalasiga alohida e’tibor qaratdi.

Bu bejiz emas. Chunki “Temir daftar”ning joriy etilishi – ehtiyojmand aholini to‘g‘ri aniqlashda va shu asosda, ular bilan manzilli ishlarni tashkil etishda o‘z samarasini berdi. 2021 yildan to‘liq ishga tushadigan “Ijtimoiy reyestr”da “Temir daftar”dagi barcha ma’lumotlar qamrab olinib, ehtiyojmand oilalarga 30 dan ziyod ijtimoiy xizmatlar elektron shaklda ko‘rsatilishi belgilandi.

Birinchi navbatda, kambag‘al aholining asosiy ehtiyojlarining kafolatli ta’minlanishi lozimligi va bu masalada xalqaro ekspertlar bilan chuqur tahlil asosidagi hisob-kitoblar yakuniga yetkazilayotganligi, 2021 yil 1 martdan boshlab aholining minimal iste’mol xarajatlari miqdori e’lon qilinishi belgilandi.

Davlatimiz rahbari Murojaatnomada “Kambag‘allikdan chiqib ketish uchun eng muhim omil – bu insonning intilishi, o‘z kuchiga tayangan holda, aniq maqsad sari harakati bo‘lishi kerak. Shu maqsadda kelgusi yili mahallalarda aholini kasb-hunarga o‘qitish bo‘yicha mingdan ziyod markazlar tashkil etiladi. Bunda kasb-hunarga o‘qitilgan har bir shaxs uchun o‘quv markazlariga 1 million so‘mgacha subsidiya berilib, buning uchun byudjetdan 100 milliard so‘m ajratiladi. O‘quv kurslarini tamomlab, o‘z biznesini boshlamoqchi bo‘lgan fuqarolarga asbob-uskuna xarid qilish uchun 7 million so‘mgacha subsidiyalar beriladi. Shuningdek, har bir tumanning imkoniyati va rivojlanish yo‘nalishidan kelib chiqib, dehqonchilik bilan shug‘ullanadigan oilalarga 10 sotixdan 1 gektargacha yer maydonlari ajratiladi”. Albatta bu ham yurtimizda aholini kambag‘allikdan chiqarishga qaratilmoqda.

Ehtiyojmand aholi bandligini ta’minlashga Bandlikka ko‘maklashish hamda Jamoat ishlari jamg‘armalaridan 500 milliard so‘m yo‘naltirilishi belgilandi. Pandemiya sharoitida o‘z ishini yo‘qotgan aholini kambag‘allikka tushib qolmasligi uchun yangicha tizim joriy etiladi.

Murojaatnomada barcha rahbarlarning birinchi darajali vazifasi va ish samarasini baholaydigan asosiy mezon kambag‘allikni qisqartirish bo‘yicha manzilli dastur ishlab chiqib, uning ijrosi bo‘yicha har chorakda mahalliy Kengashlarda hamda ommaviy axborot vositalari orqali xalqqa hisobot berib borishlari lozimligi ta’kidlangani ham aholi bandligi va daromadlarini oshirishga alohida e’tibor qaratilishini anglatadi. 

D.ShAKARBOYeV,

viloyat iqtisodiy taraqqiyot va kambag‘allikni qisqartirish bosh boshqarmasi boshlig‘ining birinchi o‘rinbosari.