10 iyun – Zulfiya nomidagi Davlat mukofoti ta’sis etilgan kun (1999 yil)

Ayolni muqaddas bilish, unga alohida ehtirom ko‘rsatish, ozod va obod yurtimiz kelajagi bo‘lgan har tomonlama yetuk yoshlarni tarbiyalashdagi beqiyos o‘rnini yana bir bor e’tirof etish, barkamol, oqila xotin-qizlar avlodini voyaga yetkazish, ular orasidagi iqtidorli yoshlarning adabiyot, san’at, fan va madaniyatni rivojlantirishdagi yutuqlari, tengdoshlarining milliy istiqlol g‘oyalari va madaniy-ma’naviy qadriyatlarga e’tiqodining yuksalishi yo‘lidagi ibratli faoliyati, keng ko‘lamli islohotlarni jadallashtirishdagi faol ishtirokini rag‘batlantirish maqsadida:

1. O‘zbekiston Xotin-qizlar qo‘mitasi, Fanlar akademiyasi, Badiiy akademiya, «Ma’naviyat va ma’rifat» jamoatchilik markazi, Yozuvchilar, Bastakorlar, Me’morlar uyushmalari, «Oltin meros», «Kamolot», «Umid», «Ulug‘bek», «Navro‘z» jamg‘armalari va keng jamoatchilikning Zulfiya nomidagi Davlat mukofotini ta’sis etish bo‘yicha takliflari ma’qullansin.

Zulfiya nomidagi Davlat mukofotini Qoraqalpog‘iston Respublikasi, viloyatlar va Toshkent shahri vakilalariga ikkitadan har yili Xalqaro xotin-qizlar bayrami arafasida berish maqsadga muvofiq, deb topilsin.

Zulfiya nomidagi Davlat mukofoti ta’lim, fan, adabiyot, madaniyat, san’at, sport va jamoatchilik faoliyatida alohida yutuqlarga erishgan o‘n to‘rt yoshga to‘lgan va o‘ttiz yoshdan oshmagan iqtidorli qizlarga beriladi.

O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining “Zulfiya nomidagi Davlat mukofotini ta’sis etish bo‘yicha takliflarni qo‘llab-quvvatlash to‘g‘risida”gi Farmonidan.