Festivalga kelgan mehmonlarga 10 xil tilda tarjimonlik xizmati ko‘rsatiladi
Ayni paytda Samarqand shahrida 12-bor o‘tkaziladigan Sharq taronalari xalqaro musiqa festivaliga tayyorgarlik jarayonlari qizg‘in davom etmoqda. Festivalni o‘tkazish bo‘yicha shtabdan olingan ma’lumotlarga qaraganda, shu paytga qadar 33 ta davlatdan 146 nafar san’atkor ishtirok etishi kutilmoqda.
Bundan tashqari, shahrimizga xalqaro hay’at a’zolari, qolaversa, festival doirasida o‘tkaziladigan ilmiy anjuman ishtirokchilari, ommaviy axborot vositalari xodimlari, blogerlar, festivalning faxriy ishtirokchilaridan iborat 300 nafarga yaqin mehmonlar tashrif buyurishi ko‘zda tutilgan. Ularni munosib kutib olish, festival doirasidagi tadbirlarda ishtirok etishi, maroqli xordiq chiqarishi, diqqatga sazovor joylarga sayohat qilishi uchun yetarlicha shart-sharoitlar yaratish maqsadida zarur chora-tadbirlar ishlab chiqilgan.
Ma’lumki mehmonlar turli chet tillarida so‘zlashadi. Biz ular bilan dildan suhbatlashishimiz, milliy mumtoz kuy-qo‘shiqlarimiz, ularning yaratilish tarixi, an’analarimiz, urf-odatlarimiz, muqaddas obidalarimiz haqida qiziqtirgan savollariga atroflicha javob qaytarishimiz zarur. Shu sababli ham Samarqand davlat chet tillar institutidan tajribali, bilimli professor o‘qituvchilari va talabalaridan iborat 215 nafar tarjimonlar tanlab olindi va ularning guruhlari shakllantirildi. Ular ingliz, rus, koreys, italyan, ispan, fransuz, nemis, xitoy, yapon va arab tillarida xorijdan keladigan mehmonlarga tarjimonlik xizmatini ko‘rsatadi.
To‘lqin Siddiqov.