100 xonali mehmonxona qursangiz yiliga 40 ming dollar olasiz
- Mehmonlarni boshqa viloyatlarga sayohatga olib borish uchun qo‘shimcha litsenziya olish shartmi?
- Xorijiy sayyohlardan xizmatlar uchun qo‘shimgan qiymat solig‘i olinadimi?
- Oilaviy mehmonxona qurish uchun imtiyozli kredit beriladimi?
- Bir qavatli mehmonxonani ikki qavatliga aylantirish uchun qaysi tashkilotlardan ruxsatnomalar olish kerak?
Camarqand viloyat turizmni rivojlantirish departamenti tomonidan tashkil etilgan seminarda sayyohlik firmalari, mehmonxona, restoranlar, turoperatorlar va turizm sohasi vakillarining shu kabi savollariga viloyat davlat soliq, bojxona, ichki ishlar boshqarmalari xodimlari javob qaytarishdi.
Dastlab Camarqand viloyati hokimi o‘rinbosari B.Nurillayev Prezidentimizning 2019 yil 5 yanvardagi «Turizm tarmoqini jadal rivojlantirishga oid chora-tadbirlar to‘g‘risida»gi farmoni va «O‘zbekiston Respublikasida turizmni jadal rivojlantirishga oid qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida»gi qarori mazmun-mohiyati to‘g‘risida tushuncha berdi.
- Ushbu hujjatlar bilan 2019-2025 yillar uchun Turizmni rivojlantirish konsepsiyasi tasdiqlandi, - deydi B.Nurullayev. – Unga ko‘ra, 2022 yil 1 yanvargacha 50 o‘rindan kam bo‘lmagan uch yulduzli mehmonxona qurgan investorga har bir xona uchun sarflangan xarajati uchun 40 million so‘m va 100 o‘rindan kam bo‘lmagan to‘rt yulduzli mehmonxona uchun 65 million so‘m subsidiya beriladi. Bunday imtiyoz MDH davlatlarining birortasida yo‘q. Bundan tashqari, uch yulduzli dastlabki 50 mehmonxonaga har bir nomer uchun yiliga 200 dollardan va to‘rt yulduzli 30 mehmonxonaga 400 dollardan kompensatsiya to‘lanadi. Bu 100 nomerli mehmonxona uchun yiliga 40 ming AQSh dollari degani. Hujjatga asosan mamlakatimizda turizm yanada rivojlantirish uchun havo, temiryo‘l, avtomobil va suv transporti kabi qulay logistikani o‘z ichiga olgan zamonaviy transport infratuzilmasini yo‘lga qo‘yishga doir ishlar ham belgilangan.
Bundan tashqari, xorijiy sayyohlarni har bir shaharda 3 kungacha bo‘lishi ta’minlash orqali mamlakatimizda ularning sayohatda bo‘lish muddatini kamida 8 kungacha yetkazish maqsad qilingan. «O‘zbekiston bo‘ylab sayohat qil» rejasi asosida ichki turizmni rivojlantirishga qaratilgan dastur doirasida mahalliy sayyohlar sonini ham ikki hissaga oshirish ko‘zda tutilgan.
Tadbir so‘nggida viloyatdagi sayyohlik agentliklari xodimlarini o‘z turistik xizmatlariga kiritish uchun yangi tashkil etilgan Bulung‘ur va Jomboy tumanlaridagi yangi turizm yo‘nalishlari va teatrlarga sayohatga taklif etildi.
O‘ktam XUDOYBERDIYEV.