1000 ga yaqin afg‘onistonlik Rossiyaga kirishga ruxsat oldi
Afg‘oniston diasporasi Afg‘onistondan Rossiya Federatsiyasiga kelishni istagan 1 mingga yaqin kishiga yordam berish to‘g‘risidagi so‘roviga Rossiya hukumatining roziligini oldi.
"Kirish ruxsatnomasini olganlar orasida Rossiya Federatsiyasi fuqaroligi va yashash uchun ruxsatnomaga ega bo‘lgan shaxslar, shuningdek, talabalar bor", deydi Rossiyadagi Afg‘oniston Diasporalari markazi prezidenti G‘ulom Muhammad Jalol.
Avvalroq Rossiyadagi Afg‘oniston Diasporalari markazi prezidenti RIA Novosti agentligiga bergan intervyusida Afg‘onistondan Rossiyaga kelishni istaganlar soni minglab ekani, Moskvadagi afg‘on diasporasi ularning kelishida Rossiya hukumatidan yordam so‘rash niyatida ekanligini aytgan edi.
"Bizda ayrim toifa (Afg‘oniston fuqaro) lariga (Rossiya Federatsiyasi rasmiylaridan) javob bor. Biz bu odamlarni bir necha toifalarga ajratdik: birinchidan, Rossiya fuqaroligiga ega bo‘lgan afg‘onistonliklar, ikkinchidan, Rossiyada tahsil olgan va ayni paytda Afg‘onistonda bo‘lgan talabalar, uchinchisi - tijorat tuzilmalarida ishlagan va Rossiyada ishlash uchun ruxsatnoma va tegishli vizaga ega bo‘lganlar, to‘rtinchisi - yashash uchun ruxsatnoma olgan shaxslar", dedi markaz rahbari.
Uning so‘zlariga ko‘ra, ushbu to‘rt toifa vakillari Rossiyaning Afg‘onistondagi elchixonasiga murojaat qilishgan. "Elchixona ma’qulladi, hozir ular navbat kutishyapti, birinchi texnik imkoniyat - aeroport ochilgandan ular Rossiyaga uchib ketishadi".
«Rossiyaga kirmoqchi bo‘lgan afg‘onlarning bir qator toifalari borasida muzokaralar olib borilmoqda. Rossiyaga kelmoqchi bo‘lgan boshqa toifadagi odamlar haqida savol ochiq. Umid qilamizki, bu masala ham hal bo‘ladi. Eng ko‘p toifa - ilgari Rossiyada o‘qiganlar, Rossiyaga qaytishni istagan mutaxassislar, oila a’zolari Rossiyada yashayotganlar. Terrorchilar bu odamlar niqobi ostida mamlakatga kirmasligi muhim. Biz ham bundan qo‘rqamiz. Misol uchun, AQSh xalqni birinchi navbatda Markaziy Osiyoda joylashtirish kerak degan qarorga keldi. Lekin kim biladi, bu qochqinlar orasida qanday odamlar bo‘ladi?", dedi agentlik suhbatdoshi.