15 milliard so‘mdan ortiq soliq qarzi kechildi
Tadbirkorlik faoliyati bilan shug‘ullanib, elu yurt farovonligini ta’minlashga, iqtisodiy taraqqiyotga hissa qo‘shishni ahd qilgan yurtdoshlarimiz uchun qulay sharoit va imkoniyatlar yaratilayotir. Eng muhimi, tadbirkorlik sub’yektlarining huquq va manfaatlarini ta’minlashga alohida e’tibor berilayapti.
Davlatimiz rahbarining 2018 yil 27 iyuldagi “Tadbirkorlik sub’yektlarining huquqlari va qonuniy manfaatlarini himoya qilish tizimini yanada takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi farmoni ushbu yo‘nalishdagi islohotlarning muhim dasturilamali bo‘lib xizmat qilmoqda. Farmonda 2018 yil 1 aprelga qadar yakka tartibdagi tadbirkor maqomini yo‘qotgan jismoniy shaxslar va 2018 yil 1 apreldan moliyaviy-xo‘jalik faoliyatini amalga oshirmayotgan (shu jumladan, faoliyatini vaqtincha to‘xtatgan) yakka tartibdagi tadbirkorlar, davlat ro‘yxatidan o‘tmasdan tadbirkorlik faoliyati bilan shug‘ullanganligi uchun bir yillik qat’iy belgilangan soliq summasi hisoblangan jismoniy shaxslarga qat’iy belgilangan soliq va ushbu qarzdorlik uchun hisoblangan penyalar, shuningdek, moliyaviy jarimalar va sud xarajatlari (sud chiqimlari bundan mustasno) bo‘yicha hisoblangan qarzdorlikni hisobdan chiqarish nazarda tutilgan. Qarzdorlikni hisobdan chiqarish uchun ular 2019 yil 1 iyulga qadar muddatda tadbirkorlik faoliyatini tiklashi yoki qonun hujjatlarida belgilangan tartibda davlat ro‘yxatidan o‘tishi lozim.
Joriy yilning o‘tgan davrida Samarqand viloyati bo‘yicha 676 nafar fuqaro qonun hujjatlarida belgilangan tartibda ro‘yxatdan o‘tdi. Shuningdek, faoliyatini vaqtincha to‘xtatgan 196 nafar yakka tartibdagi tadbirkor faoliyatini qayta tiklaganini ta’kidlash lozim. Natijada ularning jami 15 milliard 312 million 800 ming so‘mlik soliq qarzlari hisobdan chiqarildi.
Umid Alimov,
Samarqand viloyati DSB Jamoatchilik bilan
aloqalar va huquqiy axborot sho‘’basi davlat soliq inspektori.