150 ming so‘m uchun uyini fohishaxonaga aylantirgan ayol jazolandi
Ayollik sha’niga loy chaplayotgan bunday kimsalar haqida eshitsang, “Nahot, farzandlarining ertasini o‘ylamadi? Yoki ota-onasining, yaqinlarining yuzini yerga qaratishdan uyalmadi?” degan o‘y keladi xayolingga. Ammo hayot sinovlaridan o‘tolmagan bu kabi qo‘shtirnoq ichidagi ojizalar doim onalik va ayollik nomiga dog‘ tushirishga qodir ekan…
Samira Mamatqulova (ism-shariflar o‘zgartirilgan) hayotda yengil tabiatli ayollardan bo‘lib chiqdi.
Yomon ayollarga qo‘shildi, fohishalikni kasb qilib oldi. Dugonalari bilan tonggacha tungi klublarda sang‘idi. Ikki farzandini ikki erkakdan orttirdi. Buyam yetmaganday keyingi paytda qo‘shmachilik bilan shug‘ullana boshladi.
Kuz kunlarining birida unga tanishi Dilnura qo‘ng‘iroq qildi.
— O‘rtoqjon, yaxshimisan, ishlaring yaxshimi, mijozlaring yo‘qlab turibdimi?
— Hmm… yaxshi, o‘zing qalaysan?
— Shu desang, bir «boyvuchcha»ni ilintirgandim, biron soatga uyingni berib tursang…
— Ha, shundaymi, baquvvatmi ishqilib?
— Borganda ko‘rasan…
O‘sha kuni kechki payt (2019 yil, noyabr oyi) Dilnura «oshig‘i» bilan Samiraning xonadoni eshigini qoqdi.
Samira ularga uyidan joy qilib berdi. Buning uchun Dilnuradan 150 ming so‘m sanab oldi. Oshiqlar Samira ko‘rsatgan xonaga kirib ketishdi…
Shu payt eshik qo‘ng‘irog‘i jiringladi.
«Kim bo‘ldiykin, bemahalda?» — Samira borib eshikni ochdi.
— Ichki ishlar bo‘limidanmiz, tezkor tadbir o‘tkazyapmiz, — deya o‘zini tanishtirdi kutilmagan mehmon.
Ular Samirani jinoyat ustida qo‘lga tushirishdi. Olingan pullar ashyoviy dalil sifatida rasmiylashtirildi. Holat bo‘yicha jinoyat ishi qo‘zg‘atilib, sudga oshirildi.
Sudda S.Mamatqulova birinchi marta bunaqa ish qilganini, pul kerak bo‘lgani uchun majbur bo‘lganligini, boshqa bu hol takrorlanmasligini aytdi.
Sud S.Mamatqulova harakatlarini fohishaxona tashkil qilish va uni saqlashda ifodalangan qilmish deb O‘zbekiston Respublikasi Jinoyat kodeksining 131-moddasi 2-qismi bilan aybdor deb topdi. Unga nisbatan 1 yil muddatga ozodlikdan cheklash jazosi tayinlandi.
Jinoyatga jazo muqarrar. Ammo farzandlarda nima ayb? Ularning ertasi endi nima bo‘ladi? Shu kabi savollar bizni o‘ylantiradi, mushohada qilishga chorlaydi. Zero, hammasi boshqacha bo‘lishi ham mumkin edi.
Shohrux MIRZAAHMEDOV,
jinoyat ishlari bo‘yicha Samarqand shahar sudi sudyasi.