18 bosh qoramolga 17 gektar suvli maydon ajratilgan.Bulung‘urda yerning hisobi yo‘qmi?
Hozirda viloyatimizda 1 million 554,2 ming bosh qoramol, 2 million 401,5 ming bosh qo‘y-echki, 12 million 245,9 ming bosh parranda boqilmoqda. Chorvadorning mahsuldorligini oshirish uning nasliga bog‘liq. Shu maqsadda joriy yilning o‘tgan davrida viloyatimizga xorijdan 426 bosh naslli qoramol keltirildi.
Jumladan, Samarqand tumanidagi “Mahmudov Oltinjon Chorvachilik” fermer xo‘jaligiga Rossiyadan 32 bosh, Urgut tumanidagi “Surxon chorva nasl” fermer xo‘jaligi Latviyadan 31 bosh, Oqdaryo tumanidagi “Turon” fermer xo‘jaligi Avstriya davlatidan 31 bosh naslli qoramollar va Past Darg‘om tumanidagi “Yangiobod chorva nasl mollari” fermer xo‘jaligiga Chexiyadan 203 bosh “Simmental” zotli naslli buqalar keltirildi.
Shuningdek, inspeksiyaning viloyat boshqarmasi va tumanlar bo‘limlari tomonidan chorvachilikda naslchilik ishini nazorat qilish yuzasidan tadbirlar o‘tkazilmoqda.
Jumladan, inspeksiyaning Bulung‘ur tumani bo‘limi tomonidan Prezidentimizning 2019 yil 13 noyabrdagi topshirig‘iga asosan, viloyat tumanlarida zamonaviy sun’iy urug‘lantirish punktlarini tashkil etish va ishga tushirish, chorvachilikda naslchilik bilan shug‘ullanuvchi xo‘jaliklarga yer ajratilishi va ulardan samarali foydalanish yuzasidan o‘rganishlar olib borildi. Tumandagi 55 ta mahallaga tuman veterinariya va chorvachilikni rivojlantirish bo‘limi tomonidan 18 ta veterinariya shoxobchasi xizmat ko‘rsatmoqda. Joriy yilda 8 ming 160 bosh sigirni sun’iy urug‘lantirish rejalashtirilgan bo‘lsa-da, hozirgacha bor-yo‘g‘i 3 ming 559 bosh sigir sun’iy urug‘lantirilgan. Xususan, hududiy “Chorvanasl” markazining Bulung‘ur tuman bo‘limi tomonidan 2 ming 797 bosh sigir sun’iy urug‘lantirilgan.
Bugungi kunda Bulung‘ur tumanida 7 ta naslchilik xo‘jaligi bo‘lib, ularda 449 bosh naslli qoramol, shundan 179 bosh sigir bor. Naslchilik xo‘jaliklariga jami 312,1 gektar, shundan, 203,6 gektar suvli maydon ajratilgan. Tumandagi naslchilik xo‘jaliklarida 355 shartli mol bosh soni bo‘lib, har bir yirik shoxli chorva mol bosh soniga o‘rtacha 0,57 gektar suvli yer maydoni to‘g‘ri keladi.
Jumladan, “Azimmurod Boymurodov dalasi” fermer xo‘jaligida jami 51 bosh shartli qoramol bo‘lib, ushbu fermer xo‘jaligiga 32 gektar, “Yangi qishloq” fermer xo‘jaligida jami 18 bosh shartli qoramol bo‘lib, 17,1 gektar suvli yer maydoni ajratilgan.
“O‘zagroinspeksiya”ning viloyat
boshqarmasi axborot xizmati.