Samarqand aeroportida 182 dona zargarlik buyumlari olib kelayotgan shaxsga jarima qo‘llandi
“Samarqand” xalqaro aeroportiga “Istanbul-Samarqand” yo‘nalishidagi aviareys bilan uchib kelgan O‘zbekiston Respublikasi fuqarosi Sh.I. “yashil” yo‘lak orqali bojxona nazorati zonasidan o‘tish vaqtida unga tegishli bo‘lgan yuklar bojxonachilar tomonidan xolislar ishtirokida tekshirildi.
Sumkasi ichidan amaldagi tartiblarga ko‘ra, jismoniy shaxslar tomonidan olib kirish me’yoridan ortiqcha (65 grammdan ziyod) 182 dona, umumiy og‘irligi 745,58 gramm bo‘lgan oq rangli metalldan ishlangan zargarlik buyumlari borligi aniqlandi.
Davlat asillik darajasini belgilash palatasining xulosasiga ko‘ra, mazkur qimmatbaho metall kumush qotishmasidan yasalganligi ma’lum bo‘ldi.
Ushbu holat yuzasidan o‘tkazilgan sud majlisida fuqaro Sh.I.ga O‘zbekiston Respublikasi MJtKning tegishli moddasida nazarda tutilgan huquqbuzarlikni sodir qilgani uchun eng kam oylik ish haqining 5 baravari miqdorida jarima jazosi tayinlandi.
Shuningdek, umumiy bahosi 8 million so‘mga yaqin bo‘lgan, kumushdan yasalgan zargarlik buyumlari tegishli tartibda davlat foydasiga musodara qilindi.
Eslatib o‘tamiz, joriy yil boshidan buyon “Samarqand” xalqaro aeroporti chegara bojxona postida olib kirish me’yoridan ortiqcha jami 2 kilogrammdan ortiq umumiy qiymati 94 million so‘mdan ziyod zargarlik buyumlari olib kirilishi to‘xtatib qolindi.
Laziz QAHHOROV,
“Samarqand” xalqaro aeroporti chegara bojxona posti katta inspektor-surishtiruvchisi.