19 million so‘mdan ortiq aliment pullarini to‘lamagan fuqaroga nisbatan jinoiy ish qo‘zg‘atildi

Fuqarolik ishlari bo‘yicha Ishtixon tumanlararo sudining sud qaroriga asosan qarzdor S.Shernazarov tomonidan undiruvchi R.Eshquvvatovaning foydasiga ikki nafar farzandlarining voyaga yetgunlariga qadar moddiy ta’minoti uchun har oydagi ish haqi va boshqa daromadlarining to‘rtdan bir qismi miqdorida aliment pulini to‘lab borishi belgilangan. Bu haqda Zarnews.uz saytiga Majburiy ijro byurosi Ishtixon tuman bo‘limi xabar bermoqda.

Aliment pullari qarzdor S.Shernazarov tomonidan qasddan to‘lab berilmaganligi sababli Ishtixon tuman ma’muriy sudining qarori bilan S.Shernazarovga O‘zbekiston Respublikasi Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi Kodeksning 474-moddasi bilan 15 sutka ma’muriy qamoq jazosi tayinlangan.

Fuqaro S.Shernazarov ma’muriy qamoq jazosini o‘tab chiqib, o‘ziga tegishli xulosa chiqarmasdan, qasddan voyaga yetmagan ikki nafar farzandlarini moddiy ta’minlashdan bo‘yin tovlab kelishi oqibatida bugungi kunda uning qarzdorligi 19 million 471 ming so‘mni tashkil etgan.

Mazkur holat yuzasidan Majburiy ijro byurosi Ishtixon tuman bo‘limi tomonidan fuqaro Said Shernazarovga nisbatan O‘zbekiston Respublikasi Jinoyat Kodeksining 122-moddasi 1-qismi bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilib, surishtiruv harakatlari olib borilmoqda.