2018 yilda Samarqand viloyatida ko‘rilgan ma’muriy ishlar bo‘yicha 19 milliard 792,2 million so‘m jarima jazosi tayinlandi

Bugun - 29 yanvar kuni Samarqand viloyat "Matbuot uyi"da viloyatdagi sud idoralari tomonidan 2018 yilda amalga oshirilgan ishlarga bag‘ishlangan brifing bo‘lib o‘tdi.

Unda Samarqand viloyati ma’muriy sudi raisi Botirali Diyorov ommaviy axborot vositalari xodimlariga o‘tgan yilda amalga oshirilgan sud ishlari haqida atroflicha ma’lumotlarni berdi.

- Samarqand viloyat, tuman, shahar ma’muriy sudlari tomonidan 2018 yil davomida ommaviy huquqiy munosabatlardan kelib chiqadigan 1 420 ta ma’muriy ish ko‘rildi, - dedi B.Diyorov. - Shundan 1052 tasi qanoatlantirildi, 215 tasi rad qilindi, 95 tasi ish yuritishdan tugatildi, 58 ta ish ko‘rmasdan qoldirildi. Shuningdek, sayyor sud majlisida 313 ta ma’muriy ish ko‘rildi.

Afsuski, ko‘rib chiqilgan ma’muriy ishlarning aksariyati, ya’ni 9 ming 226 tasi bevosita ayollar faoliyati bilan bog‘liq. 2 ming 511 tasini 60 yoshdan oshgan erkaklar, 1 ming 379 nafarini tadbirkorlik faoliyati sub’yektlari, 101 nafarini voyaga yetmaganlar, 25 tasini chet davlat fuqarolari tashkil etadi.

Shuningdek, O‘zbekiston Respublikasi MJtK 131-moddasida belgilangan, ya’ni transport vositalarini mast holda boshqarishga oid jami 7 ming 662 ma’muriy ish bo‘yicha 7 ming 814 nafar shaxs javobgarlikka tortildi. O‘zbekiston Respublikasi MJtK 128/3-moddasida belgilangan, ya’ni transport vositalari haydovchilarining belgilangan harakat tezligini oshirib yuborishiga oid 1 ming 227 ma’muriy ish bo‘yicha 1 ming 227 nafar shaxs javobgarlikka tortildi.

Samarqand viloyat, tuman ma’muriy sudlari tomonidan 2018 yil davomida ko‘rilgan ma’muriy ishlari bo‘yicha jami 19 milliard 792 million 275,2 ming so‘m jarima jazosi tayinlangan.