2020 yildan mashinalar ham «qizil» va «yashil» yo‘lakdan o‘tadi

2019 yil 1 yanvardan import bojxona boji stavkalari 2612 tovar pozitsiyasi bo‘yicha pasaytirilib 1210 tovarga bojxona boji bekor qilindi. 266 tovarga aksiz solig‘i stavkasi tushirildi, noto‘qima materiallar, sintetik matolar, shakar, oyna, konservalangan baliq va boshqa turdagi 157 tovar uchun aksiz solig‘i bekor qilindi. Ishlab chiqarilganiga ikki yil bo‘lgan, qiymati 40 ming AQSh dollari va undan yuqori bo‘lgan yengil avtomobillardan import bojxona boji undirilmaydi va aksiz solig‘i stavkasi 20 foiz miqdorida undiriladi.

Bu raqamlar Samarqand shahar hokimligida viloyat bojxona, soliq, savdo-sanoat palatasi viloyat hududiy boshqarmalari rahbarlari va tadbirkorlar ishtirokida tadbirkorlarni qo‘llab-quvvatlash borasida qabul qilingan me’yoriy hujjatlarning mazmun-mohiyatiga bag‘ishlab tashkil etilgan tadbirda aytib o‘tildi.

Qayd etilishicha, bojxona sohasidagi islohotlar natijasida 2018 yilda bojxona tizimida tovarlarning bir necha marotaba bojxona ko‘rigidan o‘tkazilish amaliyoti bekor qilindi, “yashil” va “qizil” yo‘laklar tashkil etilgan. “Bojxona ombori”, “boj olinmaydigan savdo ombori” va “erkin ombor”lar uchun bojxona organidan beriladigan litsenziyalar cheklanmagan muddatga taqdim etiladigan bo‘ldi. Tadbirkorlar xorijiy ko‘rgazmalar uchun 5 ming AQSh dollariga teng miqdordagi tovarlarni bojxona yuk deklaratsiyasi to‘ldirmasdan turib, yuk kuzatuv hujjati asosida olib chiqishlari mumkin.

- Avval viloyat bo‘yicha 11 ta bojxona nazorat punkti faoliyat yuritgan bo‘lsa, o‘tgan yili “Ulug‘bek” TIF bojxona postining “Zarafshon” va “Jomboy” bojxona punktlari ishga tushirildi, - deydi viloyat bojxona boshqarmasi boshlig‘i Erkin Salihov. - O‘tgan yili yo‘lovchilarga qulaylik yaratish maqsadida Samarqand xalqaro aeroportida “qizil” va “yashil” yo‘laklar ochilgan bo‘lsa, 2019 yilda “yashil” va “ko‘k” yo‘laklar tashkil etiladi. 2020 yilda esa avtomashinalar uchun ham “qizil” va “yashil” yo‘laklar joriy etiladi. Avvallari bojxonadan eksport va import tovarlarni o‘tkazish ikki oygacha davom etgan bo‘lsa, hozirda ushbu muddat o‘rtacha ikki yarim soatni tashkil etmoqda.

Uchrashuvda viloyat davlat soliq boshqarmasi, o‘simliklar karantini inspeksiyasi, statistika organi mutaxassislari tovarlarni eksport qilishda qabul qilingan yangi me’yoriy hujjatlar, kiritilgan o‘zgarishlar to‘g‘risida ma’lumot berdi.

Tadbirda mutaxassislar tomonidan “xavfni boshqarish tizimi”, bojxona sohasida eksperiment tariqasida sinab ko‘rilayotgan “fron ofis” dasturi haqida so‘z yuritildi. Tadbirkorlarda bojxona sohasi bo‘yicha savollar tug‘ilganda boshqarmaning 233-63-00 ishonch telefoniga murojaat qilishlari mumkinligi aytildi.

O‘.XUDOYBERDIYeV.