2021 yilda ijtimoiy soha ob’yektlaridagi qurilishlar uchun 825 milliard so‘m sarflanadi

Joriy yilda Investitsiya dasturi asosida viloyatda jami loyiha qiymati 825,1 milliard so‘mlik 130 ta ob’yekt kiritilgan. Dastur doirasida 39 ta umumta’lim maktabi, 16 ta maktabgacha ta’lim muassasasi, 8 ta sog‘liqni saqlash, 6 ta jismoniy tarbiya va sport, 8 ta oliy ta’lim, 2 ta madaniyat va san’at, 1 ta ilm fan va innovatsiya ob’yektlari, 2 ta ichimlik suv va kanalizatsiya inshooti va boshqa ob’yektlarda qurilish, rekonstruksiya va ta’mirlash ishlari amalga oshirilishi belgilangan.

Bu ma’lumotlar Samarqand viloyati Matbuot uyida viloyat bosh arxitektori Hayot Mirzoyev ishtirokida 2021 yil Investitsiya dasturi asosida viloyatimizda ijtimoiy soha ob’yektlarida olib borilayotgan qurilish ishlariga bag‘ishlangan matbuot anjumanida bildirildi.

Ma’lumotlarga ko‘ra, bugungi kunda barcha ob’yektlar bo‘yicha loyiha-smeta hujjatlari to‘liq ishlab chiqilib, ekspertiza xulosalari olingan, tender g‘oliblari pudratchi tashkilotlar aniqlanib, buyurtmachi va pudratchilar o‘rtasida shartnomalar tuzilgan, ob’yektlarda qurilish-montaj ishlari olib borilmoqda.

-  “Obod qishloq” va “Obod mahalla” dasturlari doirasida loyiha qiymati 87,26 milliard so‘mni tashkil etadigan 59 ta ijtimoiy soha ob’yekti (27 ta maktab, 17 ta sog‘liqni saqlash, 15 ta maktabgacha ta’lim ob’yekti)da qurilish ishlari olib borilmoqda, - deydi H.Mirzoyev. – Prezidentimizning viloyatimizga tashrifi bilan berilgan topshiriqqa asosan viloyatimizda 80 ta ijtimoiy soha ob’yekti qurilishi, kapital ta’mirlanishi hamda rekonstruksiya qilinishi belgilangan. Bu ob’yektlarning deyarli barchasida loyiha-smeta hujjatlari ishlab chiqilib, ijobiy ekspertiza xulosalari olingan. Ijtimoiy soha ob’yektlarining 40 tasi bo‘yicha elektron tenderga e’lon berilgan. 

Matbuot anjumanida soha mutaxassislari tomonidan jurnalistlarning savollari va viloyatimiz hududlaridagi qurilish-bunyodkorlik ishlari yuzasidan ma’lumotlar berildi.

O‘ktam Xudoyberdiyev.