2022 yilda aholi ro‘yxatga olinadi
Davlatimiz rahbari tomonidan imzolangan va kuchga kirgan “Aholini ro‘yxatga olish to‘g‘risida”gi qonun aholini ro‘yxatga olish sohasidagi munosabatlarni tartibga soluvchi ilk bor qabul qilingan huquqiy hujjat sifatida O‘zbekiston tarixidan o‘rin oldi.
Qonun 5 bob va 31 moddadan iborat bo‘lib, unda qonunning maqsadi, asosiy tushunchalar, aholini ro‘yxatga olishning vazifalari va prinsiplari yoritib berilgan. Asosiy prinsiplardan biri sifatida davriylik prinsipi, ya’ni aholini ro‘yxatga olish o‘n yilda kamida bir marta o‘tkazilishi hamda aholini ro‘yxatga olishni o‘tkazish to‘g‘risidagi qaror O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti tomonidan qabul qilinishi belgilab qo‘yilgan.
Qonunda aholini ro‘yxatga olishni tartibga solish sohasida davlat boshqaruvi, maxsus vakolatli davlat organi, ro‘yxatga olishni o‘tkazishga ko‘maklashish bo‘yicha Respublika komissiyasi, mahalliy davlat hokimiyati organlarining vakolatlari, aholini ro‘yxatga olishda ishtirok etuvchi respondentlar va ro‘yxatga oluvchi shaxslarning huquq va majburiyatlari, aholini ro‘yxatga olishni o‘tkazish tartibi, tadbirlarni moliyaviy ta’minlash asoslari belgilab berilgan.
Respublikamizda 2022 yilda ilk bor aholini ro‘yxatga olish o‘tkaziladi
BMTning 2015 yil 10 iyundagi “2020 yilda aholi va uy-joy fondini ro‘yxatga olish borasidagi prinsiplar va tavsiyalar” rezolyusiyasi qabul qilingan va unga asosan BMTga a’zo davlatlar har o‘n yilda kamida bir marta aholini ro‘yxatga olishni o‘tkazishi belgilab qo‘yilgan. Ayni paytda MDH davlatlarida bu jarayonga tayyorgarlik boshlangan. 2019 yilning oktyabr oyida Ozarbayjon va Belarus davlatlarida aholini ro‘yxatga olish tadbiri o‘tkazildi. Joriy yilda Armaniston, Rossiya, Ukraina, Qozog‘iston, Qirg‘iziston, Tojikiston davlatlarida mazkur tadbir rejalashtirilgan.
Mamlakatimizda mustaqillik yillarida hali biror marta aholini ro‘yxatga olish o‘tkazilmagan. Ushbu tadbir so‘nggi bor sobiq ittifoq davrida, 1989 yilda o‘tkazilib, o‘sha paytda yurtimiz aholisi 19,7 million kishini tashkil etgan.
2020 yilning 1 yanvar holatida respublikamiz doimiy aholisi 33 million 905 ming 800 kishini tashkil etgan. Viloyatimizda aholi soni 3 million 878 ming kishini tashkil etib, bu respublikamiz hududlari orasida eng ko‘p (respublika jami aholisi sonidagi ulushi 11,4 foiz) hisoblanadi.
Viloyatimizda 2020 yilning 1 yanvar holatiga ko‘ra shahar aholisi 1 million 438 ming 300 kishini (jami aholi soniga nisbatan 37,1 foiz), qishloq aholisi 2 million 437 ming 700 kishini (62,9 foiz) tashkil etadi.
2019 yil davomida viloyat bo‘yicha tug‘ilgan bolalar soni 101,2 ming nafarni, vafot etganlar 16,5 ming kishini tashkil etgan.
Viloyat hududlari kesimida, 2020 yil 1 yanvar holatiga ko‘ra eng ko‘p aholi Samarqand shahrida 546,8 ming kishini (viloyat jami aholisi sonidagi ulushi 14,1 foiz), Urgut tumanida 507,2 ming kishini (13,1 foiz) va Past Darg‘om tumanida 353,2 ming kishini (9,1 foiz) tashkil etdi.
Biroq aholining joriy hisobi bo‘yicha mavjud ma’lumotlar aholi soni, yashash sharoiti, ma’lumoti, bandligi, yosh-jins tarkibi, millat tarkibi, respublika hududida aholining joylashuvi va boshqa ijtimoiy-demografik o‘ziga xosliklar to‘g‘risida aniq xulosa va tahlillar qilishga yetarlicha imkoniyat bermayapti. Shu munosabat bilan mamlakatimizda ana shunday muhim tadbirni 2022 yilda ilk bor o‘tkazishga qaror qilindi.
Aholini ro‘yxatga olish qanday amalga oshiriladi?
Mazkur jarayon uch bosqichda amalga oshiriladi:
Birinchi bosqich tayyorgarlik bosqichi bo‘lib, 2-3 yilga yaqin vaqt davom etadi.
Tayyorgarlik jarayonidagi eng muhim masala, aholini ro‘yxatga olishda faol ishtirok etish bo‘yicha aholi o‘rtasida targ‘ibot ishlarini olib borish, reklama roliklari, logotip va shiorlar ishlab chiqish hamda boshqa shu kabi tadbirlar amalga oshiriladi.
Muhim vazifalardan yana biri bu – shahar va qishloq aholi punktlarining sxematik rejalarini va ma’muriy tumanlar xaritalarini tayyorlash hamda aholi punktlaridagi uylarning ro‘yxatini tuzish hisoblanadi. Bunda mahalla, qishloq va ovullarning chegaralari, ko‘chalarda nom belgilarining o‘rnatilganligi, turar va noturar joylarning aniq soni hamda uylarning raqamlanganligi aniqlashtirib olinadi.
Tayyorgarlik bosqichida aholini ro‘yxatga olish bilan bog‘liq hujjatlar, jumladan, ro‘yxatga olish varaqalari, ro‘yxatga olishni tashkil etish va o‘tkazish, uning natijalarini olish va e’lon qilish metodologiyasi ishlab chiqiladi.
Ikkinchi bosqich taxminan 10-60 kungacha davom etadi. Bunda bevosita aholini ro‘yxatga olish amalga oshiriladi, ya’ni aholi to‘g‘risidagi ma’lumotlar yig‘iladi, nazorat tekshiruvi o‘tkaziladi va aholini ro‘yxatga olish materiallari topshiriladi.
Mamlakatimizda 2022 yilda o‘tkaziladigan aholini ro‘yxatga olish tadbiri an’anaviy usulda, ya’ni ro‘yxatga oluvchi shaxslar tomonidan hududlarda uyma-uy kirgan holda, yuzma-yuz suhbat asosida, qog‘oz shaklidagi ro‘yxatga olish varaqalarini to‘ldirish orqali amalga oshiriladi.
Uchinchi bosqich muddati qariyb ikki yilgacha bo‘lib, ro‘yxatga olish jarayonida to‘planadigan statistik ma’lumotlar yagona elektron axborotlar tizimiga kiritilib, ma’lumotlar kodlashtirish yordamida tahlil qilinadi va natijalar e’lon qilinadi.
Amaldagi me’yoriy hujjatlarga binoan, yakuniy ma’lumotlar uch tilda e’lon qilinishi ko‘zda tutilgan.
Aholini ro‘yxatga olish qaysi manbalar hisobidan moliyalashtiriladi?
Chet el davlatlari tajribasidan ma’lumki, aholini ro‘yxatga olishni o‘tkazish ko‘p mehnat va mablag‘ talab etadi. Buning uchun tadbirni moliyalashtirish manbalarini aniqlashtirib olish ham muhim masalalardan biri hisoblanadi.
Aholini ro‘yxatga olish tadbirlarini moliyalashtirish, O‘zbekiston Respublikasida 2022 yilda aholini ro‘yxatga olishni o‘tkazish konsepsiyasiga muvofiq, Davlat byudjeti mablag‘lari va qonun bilan taqiqlanmagan boshqa mablag‘lar hisobiga amalga oshiriladi.
Moliyalashtirish uchun zarur mablag‘lar hajmi Davlat statistika qo‘mitasi, Moliya vazirligi, Iqtisodiy taraqqiyot va kambag‘allikni qisqartirish vazirligi va boshqa mas’ul idoralar hisob-kitoblari asosida, shuningdek, tender savdolari va tender hujjatlarini rasmiylashtirish natijalari bo‘yicha aniqlanadi.
Aholini ro‘yxatga olishga tayyorgarlik ko‘rish va uni o‘tkazishga, uning materiallarini qayta ishlashga, natijalarini olish va e’lon qilishga jalb etilgan xodimlarning mehnatiga haq to‘lash maxsus ishlab chiqilgan va tasdiqlangan normativlar asosida amalga oshiriladi.
Soatali ABIRAHMATOV,
Samarqand viloyat statistika boshqarmasi boshlig‘i.