2023 yil holatiga ko‘ra dunyodagi eng yirik armiyalar
Armiyalardagi askarlar soni chegaradosh davlatlar o‘rtasidagi to‘qnashuvlarda asosiy to‘xtatuvchi kuch hisoblanadi. Bugungi kunda, dunyoda qurolli mojarolar soni ortib borayotgan bir paytda, ma’lum bir davlat milliy armiyasining soni va uning qurollanish darajasi kabi jihatlar tomonlar o‘rtasidagi qarama-qarshiliklarning oldini olish hamda vaziyatni barqarorlashtirish borasida muhim omil bo‘lib qolmoqda.
Germaniyaning turli yo‘nalishdagi iste’molchilar ma’lumotlarini to‘plash va tahlil qilishga ixtisoslashgan “Statista” portali tadqiqot o‘tkazdi va 2023 yil holatiga ko‘ra dunyodagi eng katta 10 ta armiyani aniqladi.
Xitoy
2 million askardan iborat milliy armiyaga ega Xitoy dunyoda birinchi o‘rinda turadi. Xitoy-Yaponiya urushi tugaganidan so‘ng Xalq ozodlik armiyasi (XXOA) sifatida ham tanilgan Xitoy armiyasi o‘zining raketa qo‘shinlari va birlashgan strategik va moddiy-texnik qo‘llab-quvvatlash kuchlarini o‘z ichiga olgan bir necha bo‘linmalardan iborat.
Hindiston
Ma’lumotlarga ko‘ra, Hindiston armiyasining saflarida 1,45 millionga yaqin faol harbiy xizmatchi bor. Zaxiradagi 1,15 million askardan iborat qo‘shimcha quvvatga ega ushbu muhim harbiy kontingent dunyodagi eng yirik armiyalardan biri hisoblanadi. BMTning tinchlikparvarlik operatsiyalarida bu armiyadan faol foydalaniladi.
AQSh
Qo‘shma Shtatlar Qurolli Kuchlari AQSh armiyasi, dengiz floti, havo kuchlari, dengiz piyoda askarlari korpusi va kosmik kuchlardan iborat 1,39 million faol a’zoga ega.
Shimoliy Koreya
Koreya xalq armiyasi rasmiy ravishda dunyodagi to‘rtinchi yirik armiya sifatida tanilgan. Oliy Bosh qo‘mondon, feldmarshal unvoniga ega davlat rahbari Kim Chen In qo‘mondonligi ostidagi Shimoliy Koreya milliy armiyasi 1,2 millionga yaqin askardan iborat. Shimoliy Koreyadagi harbiy xizmat dunyodagi eng uzoq muddatli bo‘lib, vatan oldidagi burchni erkaklar 10 yil, ayollar esa 8 yil davomida o‘taydi.
Rossiya
Oxirgi bir yarim yil davomida Rossiya armiyasi, birinchi navbatda, Rossiyaning Ukrainada davom etayotgan maxsus harbiy operatsiyasi tufayli xorijiy OAV yangiliklarining diqqat markazida bo‘lib kelmoqda va uning 831 ming harbiy xizmatchisi bor.
Pokiston
654 ming harbiy askar bilan qurolli to‘qnashuvlarga tayyor turganligi sababli Pokiston armiyasi ham so‘nggi paytda xorijiy ommaviy axborot vositalari e’tiborini kuchaytirmoqda.
Eron
Eron Islom Respublikasi qurolli kuchlari “Artesh” armiyasi, “Sepah” Islom inqilob gvardiyasi korpusi va huquqni muhofaza qiluvchi organlardan iborat. Bu armiya asosan mamlakat ichkarisida va Fors ko‘rfazida joylashtirilgan 575 ming nafar faol harbiy xizmatchiga ega.
Janubiy Koreya
Janubiy Koreya BMT missiyalarida faol ishtirok etadigan va amerikalik harbiylar bilan birga ko‘plab mashg‘ulotlarda qatnashadigan 555 mingga yaqin faol askarlarga ega.
Vetnam
1948 yil 22 dekabrda Vyetnam mustaqilligi munosabati bilan tashkil etilgan, 1970 va 1980 yillarda Janubi-Sharqiy Osiyodagi yirik mojarolarda muvaffaqiyatli ishtirok etgani bilan mashhur Vyetnam xalq armiyasi saflarida 470 mingga yaqin askar xizmat qiladi.
Misr
440 ming doimiy faol harbiy xizmatchilari bilan Misr armiyasi shaxsiy tarkibi bo‘yicha dunyoda 10-o‘rinni egallaydi.
B.Muhammadiyeva tayyorladi.