2025 yil sarhisobi: Samarqand hunarmandchiligi - yutuqlar, imkoniyatlar va yangi rejalar

Keyingi yillarda mamlakatimizda hunarmandlarni qo‘llab-quvvatlash, ularning erkin faoliyat yuritishi uchun zarur shart-sharoitlar yaratishga alohida e’tibor qaratilmoqda. Xususan, 2025 yil bu borada samarali natijalarga boy yil bo‘ldi.

Bugungi kunda uyushmamizning a’zolari soni 2 ming 100 nafarga yaqinlashdi, faqat 2025 yilning o‘zida 101 nafar yangi hunarmand uyushmaga a’zo bo‘ldi. Bu ko‘rsatkich hunarmandchilik sohasiga bo‘lgan qiziqish ortib borayotganini yaqqol namoyon etadi.

Yil davomida hunarmandga jami 1 milliard 750 million so‘m miqdorida imtiyozli kreditlar ajratildi. Shuningdek, “Usta–shogird” an’anasi asosida maktab tashkil etgan 54 nafar hunarmandga shogird tayyorlash uchun 855 million so‘m subsidiya berildi.

Amalga oshirilgan qo‘llab-quvvatlash choralari natijasida kulolchilik, qo‘lda gilam to‘qish, zargarlik, milliy qo‘g‘irchoqlar yasash, yog‘och va mis o‘ymakorligi kabi o‘nlab hunar turlari yanada rivojlandi. Qo‘lda tayyorlangan mahsulotlar hajmi oshdi, 4 562 ta yangi ish o‘rinlari yaratildi hamda “Usta–shogird” maktablariga 2 ming nafarga yaqin shogird biriktirildi.

Yaratilgan imtiyozlar tufayli yil davomida o‘tkazilgan 60 dan ziyod respublika va xalqaro ko‘rgazma hamda yarmarkalarda 325 nafar hunarmand o‘z mahsulotlari bilan ishtirok etdi. Bu esa mahalliy hunarmandchilik mahsulotlarining xalqaro bozorga chiqishiga xizmat qildi. Natijada ayrim hunarmandlarimizning xorijiy davlatlarda kichik ustaxonalari yoki “master-klass” o‘tkazish maydonchalari tashkil etildi.

2026 yil uchun ham rejalarimiz salmoqli. Jumladan, kelgusi yilda jami 4 ming 550 ta yangi ish o‘rinlari yaratish ko‘zda tutilgan bo‘lib, shundan 550 tasi hunarmandlar, 4 mingtasi esa shogirdlar hissasiga to‘g‘ri keladi. “Usta–shogird” an’anasi asosida maktab tashkil etgan 294 nafar hunarmandga shogird tayyorlash uchun 1 milliard 95 million 943 ming so‘m ajratish rejalashtirilgan.

Shuningdek, 2026 yilda viloyatdagi 902 nafar hunarmandning loyihalarini qo‘llab-quvvatlash maqsadida 38 milliard 955 million so‘m miqdorida imtiyozli kredit ajratilishi belgilangan.

Xulosa qilib aytganda, 2025 yil hunarmandchilik sohasini rivojlantirish, milliy an’analarni asrash va aholi bandligini ta’minlash yo‘lida muhim qadamlar qo‘yilgan yil bo‘ldi. Kelgusi yilda ham mazkur ishlar izchil davom ettiriladi.

Umid Hakimov,

“Hunarmand” uyushmasi viloyat boshqarmasi boshlig‘i.