21 kishi ishtirokidagi katta bezorilikning oldi olindi

22 iyul kuni Xonobod shahar Kampirrovot mahallasida yashovchi 36 yoshli O.M. farzandi - 16 yoshli A.N. bilan bir nechta tengdoshlari urishmoqchi ekanligini eshitib qoladi. Ota farzandini Obi-hayot ko‘chasiga olib borib, u yerda bo‘lgan voyaga yetmaganlar – 16 yoshli M.A., O.A., K.A., X.N., E.T. hamda E.P.ning yo‘lini to‘sib, ulardan qay biri farzandi bilan birga-bir urishmoqchi ekanligini so‘raydi. Shundan so‘ng dalaga olib o‘tib, M.A. va O.A. bilan o‘g‘lini birga-bir urishtirgan.
Janjal vaqtida M.A.ning tanishlari janjalga aralashganligi uchun O.M. farzandining tengdoshlari bo‘lgan M.A., O.A. va X.N.ni urib tan jarohati yetkazgan.

Shundan so‘ng M.A. va O.A. ota-o‘g‘il bilan urushni davom ettirish maqsadida o‘zlarining 14 nafar tarafdorini chaqirib, ota-bolani urmoqchi bo‘lib, Kampirrovot mahallasida to‘plangan.
Bundan shahar IIB xodimlari xabar topib, hodisa joyiga yetib borgan. Ushbu shaxslarga qonuniy chora ko‘rish maqsadida IIB binosiga olib kelgan.

Tergov departamenti matbuot xizmati xabariga ko‘ra, mazkur holat yuzasidan Jinoyat kodeksining 277-moddasi 1-qismi (bezorilik) bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilgan. Hozirda tergov harakatlari olib borilmoqda.
Bundan tashqari, M.A. va O.A. hamda ularning 14 nafar tarafdorlariga nisbatan Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksining tegishli moddalari bilan ma’muriy bayonnomalar rasmiylashtirilgan.