21 yoshli qizning yoqtirgan yigitiga yuborgan fotosuratlari qimmatga tushdi

Buxoroda 21 yoshli qiz yigitiga yuborgan suratlari sababli tovlamachilik qurboni bo‘ldi. Bu haqda Tergov departamenti xabar berdi.

31 yoshli fuqaro G.B. (ayol) o‘zining tanishi 21 yoshli K.J. (ayol)ning Telegram messenjeri orqali yoqtirgan yigitiga shaxsiy fotosuratlarini yuborganini ko‘rgan. G.B. bu haqda K.J.ning ota-onasi va boshqalarga aytib, sharmanda qilish bilan qo‘rqitib, aprel oyidan 20 iyulgacha undan 3 700 AQSh dollari, umumiy bahosi 20 000 000 so‘m bo‘lgan 1 dona tilla zanjir, 3 dona ayollar tilla uzugi hamda 1 dona ayollar tilla ziragini olgan.

Shuningdek, joriy yilning 20 iyul kuni G.B. K.J.dan fotosuratlarini tarqatmaslik evaziga yana 1 000 AQSh dollari talab qilib, ushbu pullardan 200 AQSh dollarini G‘ijduvon tumani Abadi qishlog‘ida olayotgan vaqtda tuman IIB xodimlari tomonidan ushlanib, tegishli tartibda hujjatlashtirilgan.

Mazkur holat yuzasidan G‘ijduvon tumani IIO FMB huzuridagi tergov bo‘limi tomonidan Jinoyat kodeksining 165-moddasi 1-qismi (tovlamachilik) bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilib, hozirda dastlabki tergov harakatlari olib borilmoqda.