22 nafar bolaning zaharlanishiga yaroqsiz ichimlik suvi sabab bo‘lgan

18-19 iyun kunlari Boyovut tumani shifoxonasining yuqumli kasalliklar bo‘limiga 21-MTMning 3 xodimi va 22 tarbiyalanuvchisi o‘tkir ichak kasalligi, ovqat toksikoinfeksiyasi alomatlari bilan keltirilgani haqida xabar bergan  edik.

Maktabgacha ta’lim vazirligi ishchi guruhi zaharlanish sabablariga doir xizmat tekshiruvi o‘tkazdi.

Vazirlik matbuot xizmati xabariga ko‘ra, zaharlanishga iste’mol uchun yaroqsiz ichimlik suvi sabab bo‘lgan. Gap shundaki, Sirdaryo viloyati Boyovut tumanida markazlashgan ichimlik suvi ta’minoti mavjud emas. 2019 yil 17 iyun kuni 21-MTMga ichimlik suvi keltirilmagan va muassasa mudirasi kanal suvidan foydalanishga majbur bo‘lgan.

Belgilangan qoidalarga ko‘ra, markazlashgan ichimlik suvi ta’minoti bo‘lmasa, mahalliy hokimiyat idoralari MTMga ichimlik suvi tashib keltirilishini ta’minlashi zarur. Boyovut tumani maktabgacha ta’lim bo‘limi mudirasi esa ishchi guruhga 21-MTMni ichimlik suvi bilan ta’minlashga doir shartnomani ko‘rsata olmagan.

– Maktabgacha ta’lim vazirligi xizmat tekshiruvini davom ettiradi, uning natijalariga ko‘ra, aybdorlarga qonunchilikda belgilangan choralar qo‘llaniladi. Hududlardagi barcha MTMlarni ichimlik suvi bilan ta’minlash masalasi dolzarb bo‘lib turibdi. Prezident qaroriga muvofiq, bu masala 2025 yilgacha to‘liq hal etilishi rejalashtirilgan, – deydi Maktabgacha ta’lim vazirligi bo‘lim boshlig‘i Umida Muhiddinova.

Hozirda Sirdaryo viloyati hokimligi vazirlik mutaxassislari bilan birgalikda maktabgacha ta’lim muassasalarini ichimlik suvi bilan uzluksiz ta’minlash masalasini ko‘rib chiqmoqda.

Prezidentmizning 2018 yil 30 sentyabrdagi “Maktabgacha ta’lim tizimini boshqarishni takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qaroriga muvofiq, mas’ul vazirlik va idoralar 2025 yilga qadar bosqichma-bosqich ravishda MTMlarni ichimlik suvi, isitish tizimi, elektr energiyasi va tabiiy gaz bilan ta’minlashi kerak. Bunda Uy-joy kommunal xizmat ko‘rsatish, Maktabgacha ta’lim, Iqtisodiyot, Moliya vazirliklari, Investitsiyalar bo‘yicha davlat qo‘mitasi, “O‘zbekenergo”, “O‘ztransgaz”, aksiyadorlik jamiyatlari, Qoraqalpog‘iston Respublikasi Vazirlar Kengashi, viloyatlar va Toshkent shahar hokimliklari ishtirok etadi.