26 yoshli enaganing ishlab turgan xonadonda o‘g‘irlik sodir etganligi aniqlandi

Jizzax viloyati Sharof Rashidov tumani ichki ishlar bo‘limiga tumanning Mo‘lkanlik mahallasida yashovchi, 1981 yilda tug‘ilgan F.Q. murojaat qilib, uyini o‘g‘ri urib ketganligini bildirgan.

Ma’lum bo‘lishicha, kimdir arizachining uyidagi temir seyf eshigini kalit tanlash yo‘li bilan ochib, 2 million 100 ming so‘m hamda 100 AQSh dollarini olib ketgan.

Tezkor surishtiruvlar natijasida mazkur jinoyatni Jizzax shahri, Oqqo‘rg‘onlik mahallasida yashovchi, turmushga chiqmagan, 1994 yilda tug‘ilgan D.M. sodir etganligi aniqlandi. U jinoyat yuz bergan turar joyda enaga bo‘lib ishlagan va imkon tug‘ilishi bilan vaziyatdan foydalangan.

Ayblanuvchidan 2 million 100 ming so‘m, 100 AQSh dollari hamda seyf kaliti hujjatlashtirib olindi.

Jizzax viloyati IIB axborot xizmati xabariga ko‘ra, holat yuzasidan jinoyat ishi qo‘zg‘atilib, tergov harakatlari olib borilmoqda.