30 ming dollarga Amerikaga yubormoqchi bo‘lgan yana bir firibgar qo‘lga olindi

DXX Samarqand viloyati boshqarmasi hamda IIB xodimlari hamkorlikda noqonuniy migratsiyaga qarshi kurash yo‘nalishida olib borilayotgan tezkor tadbir davomida ushbu firibgarlik holatini aniqladi.

Xususan, Samarqand shahrida tug‘ilgan, haydovchilik faoliyati bilan shug‘ullanuvchi S.P. mahalliy fuqaro G‘.A.ning ishonchiga kirib, uni 30 ming AQSh dollari evaziga "o‘zining qo‘li uzun tanishlari" orqali Amerika Qo‘shma Shtatlariga yuborishni va’da qilib, oldindan 10 ming AQSh dollari berishi kerakligini,  qolgan 20 ming AQSh dollarini esa AQShga yetib borganidan so‘ng berishi mumkinligini ma’lum qilgan.

S.P. "mijozi" G‘.A.dan kelishilgan pulning 10 ming AQSh dollarini olayotgan vaqtda xolislar ishtirokida qo‘lga olinib, daliliy ashyolar tegishli tartibda rasmiylashtirildi.

Hozirda holat yuzasidan S.P.ga nisbatan Jinoyat kodeksining 168- va 211-moddalari bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilmoqda.

Chet davlatlarga noqonuniy yo‘llar bilan chiqish ilinjida o‘z taqdiringizni xavf ostiga qo‘yish bilan birga yuqoridagi singari holatlardan "unumli" foydalanib qoladigan "ucharlar"ga xo‘rak bo‘lmang!