4 nafar farzandiga aliment to‘lashdan bosh tortgan otaga nisbatan jinoyat ishi qo‘zg‘atildi

Fuqarolik ishlari bo‘yicha Kattaqo‘rg‘on tumanlararo sudining sud buyrug‘iga asosan qarzdor U.X. tomonidan undiruvchi G.M.ning foydasiga uch nafar farzandlarining voyaga yetgunlariga qadar moddiy ta’minoti uchun har oydagi ish haqi va boshqa daromadlarining ikkidan bir qismi miqdorida undirish belgilangan.

Lekin, qarzdor hozirgi kungacha undiruvchi G.M.ga 23 mln. 367 ming aliment pullarini to‘lab bermagan.

Shuningdek, sudning sud buyrug‘iga asosan qarzdor U.X. tomonidan undiruvchi O.X.ning foydasiga bir nafar farzandining voyaga yetguniga qadar moddiy ta’minoti uchun har oydagi ish haqi va boshqa daromadlarining to‘rtdan bir qismi miqdorida 2 mln. 744 ming so‘m aliment pulini to‘lab borishi belgilangan bo‘lsa-da, aliment pullari qarzdor U.X. tomonidan qasddan to‘lab berilmagan.

Shu sababli Nurobod tuman ma’muriy sudining qarori bilan U.X.ga O‘zbekiston Respublikasi Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risida Kodeksining 474-moddasi bilan 15 sutka ma’muriy qamoq jazosi tayinlangan.

Fuqaro U.X. ma’muriy qamoq jazosini o‘tab chiqib, o‘ziga tegishli xulosa chiqarmasdan, qasddan voyaga yetmagan to‘rt nafar farzandlarini moddiy ta’minlashdan bo‘yin tovlab kelishi oqibatida bugungi kunga kelib qarzdorligi 32 mln. 740 ming so‘mni tashkil etgan.

Mazkur holat yuzasidan Majburiy ijro byurosi Nurobod tuman bo‘limi tomonidan fuqaro U.X.ga nisbatan O‘zbekiston Respublikasi Jinoyat Kodeksining 122-moddasi 1-qismi bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilib, surishtiruv harakatlari olib borilmoqda. Bu haqda Zarnews.uz saytiga Majburiy ijro byurosi Samarqand viloyat boshqarmasi xabar bermoqda.