40 kunda 16 million tup daraxt ekamiz
Davlatimiz rahbari tashabbusi bilan “Yashil makon” umummilliy loyihasi doirasida respublikamizning barcha hududlarida ko‘chat ekish, bog‘lar tashkil etish ishlari olib borilyapti.
Bu xayrli ishga tuman va shahar hokimliklari, davlat va nodavlat tashkilotlari rahbar va xodimlari, aholi vakillari, ta’lim muassasalari jamoalari ham o‘z hissasini qo‘shmoqda.
Jumladan, viloyat qishloq xo‘jalik boshqarmasi, Samarqand tumani hokimligi, Agroinspeksiyaning tuman bo‘limi xodimlari Samarqand tumanida daraxt ko‘chatlari ekish ishlarida ishtirok etdi. Bu ishlarda soha xodimlari tumandagi fermer xo‘jaliklari dalalariga 165 ming tupdan ortiq mevali va manzarali ko‘chat ekmoqda.
Dekabr oyining birinchi o‘n kunligigacha davom etadigan ko‘chat ekish ishlari Paxtachi tumanida ham olib borilmoqda.
- M-37 “Samarqand-Buxoro-Turkmanboshi” xalqaro yo‘lining tumanimiz hududidan o‘tgan 30 kilometr qismida 10 ming tup ko‘chat ekishni rejalashtirganmiz, - deydi “Samarqandyo‘lqurilish” unitar korxonasi tuman uchastka boshlig‘i Abduhamid Iskandarov. – Hozirda kuniga 250-300 tupdan archa, qarag‘ay va sadaqayrag‘och kabi manzarali daraxt ko‘chatlari ekyapmiz. Hudud obodonchiligi va ko‘chat ekish ishlarida aholi vakillari ham faol qatnashmoqda.
Samarqand tumani shaharning yashil belbog‘i hisoblanadi. Tuman xalq ta’limi bo‘limi xodimlari “Yashil makon” umummilliy loyihasi doirasida tumandagi 54 ta maktabning bo‘sh turgan maydonlarida ko‘chat ekmoqda. Hisob-kitoblarga ko‘ra, maktablarda 15,5 gektarga yaqin bo‘sh maydon bor. Shu maydonlarga 13,5 mingdan ortiq mevali va manzarali daraxt ko‘chatlari ekish mumkin.
Tumanning Yuqori Turkman mahallasida joylashgan 1-maktab hududi 1 gektarni tashkil etadi va muassasaning bo‘sh turgan maydonida daraxt ekish ishlari davom etmoqda.
- Hozirgacha maktabimizda 6 sotixlik yashil maydonimiz bor edi, - deydi maktab direktori Dildora Shukurova. – Hisoblab ko‘rsak, maktabning sport maydonchasi atrofiga anchagina daraxt ekish imkoni bor. Suv yo‘lini hisobga olib, mevali va manzarali daraxt ko‘chatlari ekyapmiz.
Ma’lumot uchun: “Yashil makon” umummilliy loyihasi doirasida viloyat bo‘yicha 16 million tup ko‘chat ekish rejalashtirilgan.