40 yoshdan keyin endokrin kasalliklar profilaktikasi juda muhim

Respublika ixtisoslashtirilgan Endokrinologiya ilmiy-amaliy tibbiyot markazi direktori o‘rinbosari Sevara Faxrutdinova va markazning Samarqand filiali bosh vrachi Gulzoda Negmatovalar Qo‘shrabot, Payariq, Oqdaryo, Ishtixon, Past Darg‘om tumanlari tibbiyot xodimlari bilan suhbat o‘tkazib, 2022 yil 26 yanvarda qabul qilingan “Endokrinologiya xizmatini yanada takomillashtirish va ko‘lamini kengaytirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi  qaror mohiyatini aholi va tibbiyotchilarga tushuntirib o‘tdi.

Suhbat asnosida sog‘liqni saqlashning birinchi bo‘g‘inida endokrin kasalliklar profilaktikasi, ularni barvaqt aniqlash va asoratlarining oldini olishda Respublika ixtisoslashtirilgan Endokrinologiya ilmiy-amaliy tibbiyot markazi tomonidan ishlab chiqilgan algoritmlarni qo‘llashning samaradorligi va qulayligi,  tuman tibbiyot birlashmalarida tashkil etilgan “Profilaktika maktablari”da bemorlar va ularning oila a’zolariga endokrin kasallikni boshqarish usullarini hamda kasallik bilan yashashni o‘rgatish, qandli diabetga chalingan bemorlarning zamonaviy nazorati (onlayn registr) tizimini joriy etish orqali har bir bemor holatining monitoringini yuritish, aholi o‘rtasida sog‘lom turmush tarzi va to‘g‘ri ovqatlanish hamda jismoniy faollikni oshirishni targ‘ib qilish orqali kasalliklarni profilaktika qilishning ahamiyati aytib o‘tildi.

Patronaj hamshira va oilaviy shifokorlar uchun  endokrin kasalliklarning oldini olish, erta tashxislash va davolash bo‘yicha ikki haftalik, endokrinolog shifokorlarni qayta tayyorlash uchun uch yarim oylik o‘quv kurslari tashkil etilishi rejalashtirildi.

Har yili bir marta 40 yoshdan oshgan aholini qandli diabet va diabet oldi holatlari uchun maqsadli skriningdan o‘tkazish uchun tibbiyot brigadalari zarur glyukometr va bir martalik test yaproqchalari hamda ignalari bilan ta’minmoqda.

Tumanlarda tibbiyot xodimlari tomonidan bildirilgan fikr va takliflar asnosida amalga oshiriladigan rejalar belgilab olindi.