4376 nafar o‘qituvchi toifasidan tushirildi
Umumiy o‘rta ta’lim maktabi o‘qituvchilarini qo‘llab-quvvatlash, ularga imtiyozlar yaratib berish davlat siyosati darajasiga ko‘tarildi. Albatta, bundan ko‘zlangan maqsad o‘quvchilarni bilimli va sog‘lom ruhda tarbiyalashdir. Bugungi imkoniyat va talablar o‘qituvchilarning ham intilish, izlanish va toifa olishga bo‘lgan ehtiyojini oshirmoqda. Masalan, joriy yilda 6860 nafar o‘qituvchi toifa olish istagini bildirdi.
– Vazirlar Mahkamasining 2016 yil 7 apreldagi “Maktabgacha, umumiy o‘rta, o‘rta maxsus, kasb-hunar va maktabdan tashqari davlat ta’lim muassasalari pedagog kadrlarini attestatsiyadan o‘tkazish tartibi to‘g‘risida”gi Nizomi asosida, o‘qituvchilarga toifa berilmoqda, – deydi viloyat xalq ta’limi boshqarmasi kadrlar bo‘limi inspektori Nasiba Sharipova. – Yangi ishga qabul qilingan o‘qituvchiga uch yildan so‘ng (shu muddatda malaka oshirib kelgan bo‘lsa) toifa olish uchun imkoniyat beriladi. Ikkinchi toifani olgan pedagog esa besh yildan so‘ng attestatsiyada to‘plagan foiziga qarab, keyingi toifalar uchun harakat qiladi. O‘qituvchilar dars o‘tish mahorati, mehnat samaradorligi hamda o‘quv fani bo‘yicha malaka sinovlari va pedagoglar bilimini aniqlash uchun suhbat kabi to‘rtta mezon asosida baholanadi.
Attestatsiyada oliy toifali o‘qituvchi 75 foizdan yuqori ko‘rsatkichga ega bo‘lsa, lavozimi saqlanib qoladi. Agar to‘plagan foizi past bo‘lsa, yetakchi o‘qituvchilikka tushiriladi. Birinchi toifali o‘qituvchi sinovlarda 75 foiz to‘plasa, bosh o‘qituvchi lavozimi beriladi. 75 foizdan 65 foizgacha to‘plaganda uning toifasi saqlanadi va undan kam foiz olsa, katta o‘qituvchi lavozimiga tushiriladi.
Shuningdek, ikkinchi toifali o‘qituvchi yetakchi o‘qituvchi lavozimini olishi uchun 65 foizdan yuqori ko‘rsatgichka ega bo‘lishi lozim. Sinovlarda 65 foizdan 60 foizgacha to‘plasa, uning toifasi saqlanadi, ammo undan kam foiz olsa, mutaxassis lavozimiga o‘tadi. Darhaqiqat, attestatsiyada pedagog 60 foizdan 55 foizgacha olsa, mutaxassis lavozimi saqlanadi. O‘qituvchi jami 55 foizdan kam to‘plasa, lavozimiga muvofiq emas, deb topiladi. Ikki marta shunday ko‘rsatkich qayt etgan pedagog bilan mehnat shartnomasini bekor qilish mumkin bo‘ladi.
2018 yilda o‘tkazilgan attestatsiya natijalariga ko‘ra, viloyatimizdagi pedagoglarning 364 nafariga oliy, 1286 nafariga birinchi va 3603 nafariga ikkinchi hamda 3030 nafariga mutaxassis malaka toifalari berildi. Shuningdek, attestatsiyada yaxshi ko‘rsatkich qayd etmagan 294 nafar oliy, 1159 nafar birinchi, 2436 nafar ikkinchi va 487 nafar mutaxassis malaka toifasiga ega bo‘lgan o‘qituvchilar toifasidan tushirildi.
2019 yil mart-iyun oylari jami 6860 nafar o‘qituvchi toifa olish va saqlab qolish uchun attestatsiyadan o‘tkaziladi. Jumladan, 119 nafar o‘qituvchi oliy toifasini saqlab qolish uchun kurashsa, bosh o‘qituvchi lavozimiga 360 nafar, birinchi malaka toifasiga 2154 nafar hamda ikkinchi malaka toifasiga 4227 nafar o‘qituvchi ega bo‘lish uchun hujjat topshirdi.