531 nafar talabaga shartnoma puli to‘lab berildi

Samarqand shahridagi “Yoshlar markazi” binosida O‘zbekiston yoshlar ittifoqining faol a’zosi bo‘lgan, O‘zbekiston Respublikasi Qurolli Kuchlari safida muddatli harbiy xizmatni o‘tab, qo‘mondonlikning tavsiyanomasiga asosan oliy ta’lim muassasalariga to‘lov-shartnoma asosida o‘qishga qabul qilingan talabalar tarkibidan sovrindor bo‘lganlarga sertifikatlarni tantanali topshirish tadbiri o‘tkazildi, deb xabar bermoqda viloyat hokimligi axborot xizmati.

 O‘zbekiston yoshlar ittifoqi Samarqand viloyat Kengashi tomonidan tashkil etilgan tadbir davomida Samarqand viloyatidagi mavjud 8 ta oliy ta’lim muassasalarida tahsil olayotgan 531 nafar talabalarga bir yillik to‘lov-shartnoma summasining 35 foizi to‘lab berilganligi bo‘yicha sertifikatlar tantanali topshirildi.

Tadbir so‘nggida taqdirlangan sovrindor talabalarga o‘zlarining mutaxassisliklari bo‘yicha umumta’lim muassasalarida o‘quvchi yoshlarga to‘garak mashg‘ulotlari va O‘zbekiston yoshlar ittifoqi Samarqand viloyat Kengashi qoshida tashkil etilgan “Fidokor yoshlar” klubida faoliyat ko‘rsatishi bo‘yicha har bir sovrindor talaba yoshlarga vazifalar yuklatildi. Endilikda taqdirlangan 531 nafar sovrindor talaba yoshlar “Fidokor yoshlar” klubi hamda ta’lim muassasalarida o‘quvchi yoshlarga murabbiy sifatida mashg‘ulotlar olib borishadi.