6 nafar farzandiga aliment puli to‘lamagan ota ustidan jinoiy ish qo‘zg‘atildi

Majburiy ijro byurosi Samarqand viloyat boshqarmasining Zarnews.uz saytiga xabar berishicha, 6 nafar farzandiga aliment puli to‘lamay kelgan ota ustidan jinoiy ish qo‘zg‘atilgan.

Fuqarolik ishlari bo‘yicha Pastdarg‘om tuman sudining sud buyrug‘iga asosan qarzdor A.A tomonidan undiruvchi S.M foydasiga 6 nafar farzandlarining voyaga yetgunlariga qadar moddiy ta’minoti uchun har oydagi ish haqi va boshqa daromadlarining ikkidan bir qismi miqdorida aliment pulini to‘lab borishi belgilangan. Biroq, shunga qaramasdan aliment pullari qarzdor A.A tomonidan qasddan to‘lab berilmagan.

Shu sababli Nurobod tuman ma’muriy sudining qarori bilan A.A.ga O‘zbekiston Respublikasi Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi Kodeksining 474-moddasi bilan 15 sutka ma’muriy qamoq jazosi tayinlangan.

Fuqaro A.A ma’muriy qamoq jazosini o‘tab chiqib, o‘ziga tegishli xulosa chiqarmasdan, qasddan voyaga yetmagan 6 nafar farzandlarini moddiy ta’minlashdan bo‘yin tovlab kelishi oqibatida bugungi kunga qadar qarzdorligi jami 20 million 867 ming so‘mni tashkil etgan.

Mazkur holat yuzasidan Majburiy ijro byurosi Nurobod tuman bo‘limi tomonidan fuqaro A.A.ga nisbatan O‘zbekiston Respublikasi Jinoyat Kodeksining 122-moddasi 1-qismi bilan jinoiy ishi qo‘zg‘atildi.