7 oyda tadbirkorlarga 2,7 trillion so‘m kredit ajratildi

Viloyat hokimligida Prezidentimizning joriy yil 20 avgustda tadbirkorlar bilan ochiq muloqotidan kelib chiqib belgilangan vazifalarga bag‘ishlangan matbuot anjumani o‘tkazildi.  

Unda viloyat hokimining birinchi o‘rinbosari J.O‘roqov ochiq muloqotda bildirilgan muhim tashabbuslar, topshiriqlar va takliflarni sifatli va o‘z vaqtida amalga oshirish bo‘yicha belgilangan chora-tadbirlar bo‘yicha ma’lumot berdi.

Ta’kidlanishicha, hokimlar va sektor rahbarlari faoliyati yangicha ish tizimida tashkil etilib, tadbirkorlar bilan muntazam ravishda uchrashuvlar o‘tkazib, ularning muammolarini hal etish bo‘yicha barcha zaruriy va ta’sirchan choralar ko‘rib boradi.

Joylarda tadbirkorlik faoliyatiga to‘siq bo‘layotgan tizimli muammolar va ularni bartaraf etish yuzasidan 7 ta yo‘nalish bo‘yicha amalga oshiriladigan aniq vazifalar belgilangan.

 - Biznesni moliyalashtirish va moliya-kredit masalalari yo‘nalishida 2021 yil 7 oyda 4,6 mingdan ortiq tadbirkorga 2,7 trillion so‘m kredit ajratildi va yil oxirigacha yana 2 trillion so‘m mablag‘ ajratish rejalashtirilgan, - dedi J.O‘roqov. - Kreditning amaldagi foiz stavkasini 5 foizga kamaytirilishi natijasida yiliga 100 milliard so‘m mablag‘ tadbirkorlar ixtiyorida qoladi. Tadbirkorlikni qo‘llab-quvvatlash davlat jamg‘armasidan yilning o‘tgan davrida 593 tadbirkorga 60,3 milliard so‘mlik kredit foizlari bo‘yicha kompensatsiya va 174 tadbirkorga 91,9 milliard so‘mga kafillik berildi. Jamg‘armaning ushbu moliyaviy ko‘magida amalga oshirilgan loyihalarda 4 200 dan ortiq yangi ish o‘rinlari tashkil etildi.

Yil yakuniga qadar jamg‘armadan 1,5 mingga yaqin tadbirkorga 300 milliard so‘mlik kredit uchun kompensatsiya va kafillik berilishi kutilmoqda. Ushbu ko‘mak natijasida tadbirkorlar tomonidan 7,5 mingdan ortiq ish o‘rni yaratiladi.

Viloyatimizdagi 1322 tadbirkorga jami 274,4 million dollar miqdorida kredit berilgan, shundan kredit ajratilgan 1145 tadbirkor valyuta tushumiga ega bo‘lmagan. Yil boshidan buyon AQSh dollarining so‘mga nisbatan kursi 148,08 so‘mga ko‘tarilishi natijasida ushbu tadbirkorlar 31,3 milliard so‘m mablag‘ yo‘qotgan.

Joriy yil oktyabrdan boshlab ilgari 1 million dollargacha xorijiy valyutada kredit olgan tadbirkorlarning kreditlari milliy valyutaga o‘tkazib berilishi hamda tadbirkorlarga kreditni milliy valyutada berish tizimi joriy qilinishi valyuta kursi oshishidagi mablag‘larni tadbirkorlarda qolishini ta’minlaydi.