78 yoshli abituriyent test sinovidan muvaffaqiyatli o‘ta olmadi, lekin tayyorgarlikni davom ettirmoqchi
Toshkent davlat agrar universitetining Termiz filialiga Angor tumanidan 78 yoshli otaxon Berdaliyev Mamatqul bobo ham o‘z hujjatlarini topshirgani haqida xabar bergan edik.
Filial matbuot kotibi Xamid Norqobilovning ma’lum qilishicha, Mamatqul bobo imtihonlarda faol ishtirok etgan.
- Afsuski otaxonning bu yilgi to‘plagan ballari talabalik baxtiga muyassar bo‘lishga biroz kamlik qildi. Ammo Mamatqul bobo kelasi yili yana hujjatlarini topshirishini, ungacha esa fanlardan o‘qib tayyorgarlik ko‘rishini ta’kidlab o‘tdilar, - deydi Xamid Norqobilov. - Otaxon bu yilgi imtihonda 42.1 ball to‘pladilar. Shu yoshda shuncha ball to‘plashning o‘zi bir mahorat.
Eslatib o‘tamiz, bu yilgi test imtihonlarida yosh cheklovi bekor qilingani sabab, nuroniylar ham talaba bo‘lish umidida oliy o‘quv yurtlariga hujjat topshirishgan. Davlat test markazi ma’lumotlariga qaraganda, 25 yoshdan kichik abituriyentlar — 862 977 nafar, 25-30 yosh oralig‘ida — 103 276 nafar, 40-50 yoshlilar — 14 014, 50 yoshdan kattalar esa 672 nafarni tashkil etgan.