Abituriyentlar 23 iyuldan boshlab test sinovlarida ishtirok etish huquqini beruvchi ruxsatnomani olishi mumkin

Savol:

– Oliy ta’lim muassasasida o‘qish uchun ro‘yxatdan o‘tdim. Men test sinovlarida ishtirok etish huquqini beruvchi ruxsatnomani qayerdan olishim mumkin?

Shoxsanam OBLOQULOVA,

Bulung‘ur tumani.

Javob:

– 2019-2020 o‘quv yili uchun o‘tkaziladigan kirish test sinovlarida ishtirok etish istagini bildirgan abituriyentlar oliy ta’lim muassasalari va Davlat xizmatlari markazlari orqali ro‘yxatdan o‘tganlaridan so‘ng ularning har biriga Davlat test markazining dtm.uz saytida shaxsiy kabinet ochildi. Bu shaxsiy kabinet orqali abituriyentlarga kerakli ma’lumotlar, xususan, test sinovlariga kirish uchun ruxsatnomaning elektron varianti yuboriladi.

Abituriyentlar joriy yilning 23 iyulidan boshlab oliy ta’lim muassasalarining qabul komissiyalariga yoki Davlat xizmatlari markaziga bormasdan turib ham ruxsatnomani o‘zlari mustaqil printer orqali rangli yoki rangsiz holda chiqarib, shaxsni tasdiqlovchi hujjat (pasport yoki 09-forma) va shu ruxsatnoma bilan test sinovlari jarayoniga borishlari mumkin bo‘ladi.

Quyida dtm.uz sayti orqali shaxsiy kabinetga kirish tartibi bilan tanishishingiz mumkin.

Nosir Eshonqulov, Davlat test markazining

Samarqand viloyat bo‘limi boshlig‘i.