Adliya bo‘limi aralashgach, fuqaroning mulk huquqi tiklandi
Payariq tumani, Chelak shahri, G‘oyib ota mahallasi, Sobir Rahimov ko‘chasida yashovchi Rauf Xudoyberdiyev adliya bo‘limiga murojaat qilib, unda turar-joyiga Payariq tumani hokimining qarori bilan mulk huquqi e’tirof etilmayotganligini bayon qilgan.
Aniqlanishicha, fuqaro R.Xudoyberdiyev 2019 yil 8 aprelda foydalanishida bo‘lgan uy-joy yer maydoniga nisbatan mulk huquqini e’tirof etish to‘g‘risida Payariq tumani Davlat xizmatlari markazi orqali tuman hokimiga murojaat qilgan.
Ko‘chmas mulkka nisbatan mulk huquqini e’tirof etish bo‘yicha komissiya a’zolarining ijobiy xulosalari hamda komissiyaning 2019 yil 17 aprelda o‘zboshimchalik bilan qurilgan imoratni o‘rganish natijalari bo‘yicha №D461/7789526/4761989-sonli dalolatnomasiga asosan “o‘zboshimchalik bilan qurilgan imoratga nisbatan mulk huquqini e’tirof etish mumkin”, deb topilgan.
Komissiya ishchi organi tomonidan o‘zboshimchalik bilan qurilgan imoratga nisbatan mulk huquqini e’tirof etish to‘g‘risida tuman hokimining qarori loyihasi tayyorlanib, tasdiqlash uchun tuman hokimiga taqdim etilgan. Ammo tuman hokimligi tomonidan o‘zboshimchalik bilan qurilgan imoratga nisbatan mulk huquqini e’tirof etish to‘g‘risida qarori qabul qilinmagan.
Fuqaro R.Xudoyberdiyevning turar-joyiga nisbatan mulk huquqini e’tirof etish to‘g‘risida Payariq tumani hokimligiga qilgan murojaati hal etilmayotganligidan norozi bo‘lib, O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti “Ishonch telefoni”gi qilgan shikoyati O‘zbekiston Respublikasi Adliya vazirligi huzuridagi Davlat xizmatlari agentligi Samarqand viloyat boshqarmasi tomonidan o‘rganilib, tuman hokimligiga 2019 yil 13 dekabrda 3/1-245/11-sonli taqdimnoma kiritilgan. Taqdimnomada turar-joyga mulk huquqini e’tirof etish to‘g‘risida tuman hokimining qarorini qabul qilish so‘ralgan. Ammo tuman hokimining turar-joyga mulk huquqini e’tirof etish to‘g‘risida qarori qabul qilinmagan.
O‘zbekiston Vazirlar Mahkamasining 2018 yil 21 iyundagi 461-son qarori bilan tasdiqlangan “Ko‘chmas mulkka nisbatan mulk huquqini e’tirof etish bo‘yicha bir martalik umumdavlat aksiyasi doirasida ko‘chmas mulklarga nisbatan mulk huquqini e’tirof etish tartibi to‘g‘risida”gi Nizomning 23-bandida “Tuman (shahar) hokimining komissiya ishchi organi tomonidan tayyorlangan qarori loyihasi u taqdim etilgan kundan boshlab 2 ish kuni mobaynida qabul qilinadi”, deb ko‘rsatilgan.
Biroq ko‘chmas mulkka nisbatan mulk huquqini e’tirof etish bo‘yicha komissiyaning dalolatnomasi 2019 yil 17 aprelda tasdiqlangan bo‘lsa-da, oradan 10 oy vaqt o‘tganiga qaramasdan hokim tomonidan qaror qabul qilinmagan.
Adliya bo‘limi fuqaro R.Xudoyberdiyevning manfaatini ko‘zlab, 2020 yil 19 fevralda 3/28-son bilan Payariq tumani ma’muriy sudiga turar-joyga mulk huquqini e’tirof etish haqida tuman hokimining qarorini qabul qilish haqida sudga ariza bilan murojaat qildi.
Payariq tumani ma’muriy sudining 2020 yil 9 martdagi hal qiluv qaroriga asosan adliya bo‘limining arizasi qanoatlantirildi va fuqaroning turar-joyiga nisbatan mulk huquqini e’tirof etish to‘g‘risida sudning qarori qabul qilindi.
A.JO‘RAYeV,
Payariq tumani adliya bo‘limi boshlig‘i.