Adliya bo‘limi tashkilot xodimlarining buzilgan huquqlarini tiklab berdi

Tibbiy – ijtimoiy xizmatlar agentligi tashkil etilgunga qadar, mazkur tuzilma Tibbiyot birlashmalari tarkibida bo‘lgan. Vazirlar Mahkamasining 2019 yil 26 mart kungi qaroriga asosan, agentlik va uning hududiy bo‘linmalari tashkil etilgach, tibbiy-ijtimoiy xizmat ko‘rsatish bo‘limlari Tibbiyot birlashmalari tasarrufidan chiqarilib, agentlikka biriktirilgan.

Bulung‘ur tuman adliya bo‘limiga Bulung‘ur tuman tibbiyot birlashmasining sobiq tibbiy-ijtimoiy xizmat ko‘rsatish bo‘limi xodimlari – R.Muxtorov va boshqalar (jami 11 nafar xodim) murojaat qilishdi. Unda aytilishicha, xodimlar tuman tibbiyot birlashmasida ishlab kelgan vaqtlarida mehnat ta’tiliga chiqarilmagan  va ular bilan mehnat shartnomasi bekor qilingandan so‘ng, foydalanilmagan mehnat ta’tillari uchun pullik kompensatsiya tashkilot tomonidan to‘lab berilmagan.

Murojaat tomonlar ishtirokida amaldagi qonun talablari doirasida o‘rganildi.

O‘rganish natijalariga ko‘ra, sobiq 11 nafar xodimga jami 14 584 228 so‘m  kompensatsiya pullari to‘lab berildi hamda qonunbuzilish holatlariga yo‘l qo‘ygan tibbiyot birlashmasining 2 nafar mas’ul xodimiga belgilangan tartibda ma’muriy jazo choralari qo‘llaniladigan bo‘ldi.

G‘ayrat Yakubov,

Bulung‘ur tuman adliya bo‘limi boshlig‘i.