“Adolat” SDPdan delegatlar saylandi
Samarqand davlat chet tillar institutida O‘zbekiston “Adolat” sotsial-demokratik partiyasi viloyat Kengashining IX konferensiyasi bo‘lib o‘tdi.
Unda shahar va tuman delegatlari, partiya faollari, deputatlar, boshlang‘ich partiya tashkilotlari raislari, ayollar qanoti va yosh adolatchilar qanoti faollari ishtirok etdi.
Konferensiya davomida partiyaning “Adolat - hayotimizning bosh mezoni, adolat – har bir inson uchun” saylovoldi dasturi ijrosini ta’minlash, partiya viloyat Kengashi a’zolari tarkibiga o‘zgartirish kiritish va boshqa masalalar muhokama etildi.
- Partiyaning 30 ga yaqin loyihalari doirasida amalga oshirilgan ishlar natijasida partiyaning xalq orasidagi taniluvchanligi oshib bormoqda, - dedi partiya viloyat Kengashi raisi M.Bobobekova. - Jumladan, haftaning har chorshanba kuni amalga oshiriladigan “Muammo bilan yuzma-yuz”, har seshanba kuni “Siyosiy-huquqiy bilimlarni mustahkamlash - demokratik jamiyat poydevori” , shuningdek, “Bir oyda bir ish o‘rni”, “Vatan kelajagi yoshlar qo‘lida”, “Saxovat - benazir qadriyat” kabi qator loyihalar partiyamiz faollarining sa’y-harakatlari bilan hayotga tatbiq etilib, yurtdoshlarimizning o‘z hayotidan rozi bo‘lib yashashida ahamiyatli bo‘lmoqda.
Konferensiya ishida so‘z olganlar “Adolat” SDP o‘tgan 26 yil ichida respublikamizdagi eng yetuk siyosiy kuchlardan biriga aylanganini ta’kidlashdi. Jamiyatda adolat tantanasi uchun kurashayotgan partiya tashkilotlari, deputatlik guruhlari hamda a’zolari bundan buyon ham “Adolat har bir inson uchun”, “Kuch – adolatda” kabi hayotbaxsh g‘oyalar ijrosi yo‘lida xizmat qilishi qayd etildi.
Tadbir davomida joriy yilning sentyabr oyida bo‘lib o‘tadigan partiyaning X Qurultoyiga 23 nafardan iborat bo‘lgan delegatlar saylandi.