Advokat: «Fuqarolarning shaxsiy muammolari elga doston qilinmasin, boshqa hokimlar Erkinjon Turdimovdan o‘rnak olishi lozim”
PAXTAChI. “Men – Nasim Xidirov, Samarqand viloyati Paxtachi tumanidan yozmoqdaman. “Adolatli Nusratulla” advokatlik byurosi advokatiman.
Samarqand viloyati hokimi Erkinjon Turdimov har bir tumanga borib sayyor qabul o‘tkazib kelyapti. Masalan, birgina Paxtachi tumanida oxirgi bir yil ichida 3 marta sayyor qabul o‘tkazdi. E’tiborli jihati, har bir fuqaroni individual qabul qilib, shaxsan gaplashadi va imkon qadar muammosini hal qiladi. Katta zal yoki bog‘da qabul uyushtiriladi. Bunda viloyat va tumandagi barcha tashkilotlar rahbarlari ishtirok etadi. Fuqarolar tartib bilan, navbat asosida hokim qabuliga borib, ariza topshiradi va shaxsan gaplashib muammosini aytadi. Hokim yonida mikrofon va karnaylar bor, lekin undan fuqaroning muammosiga qarab tegishli tashkilot rahbarini chaqirish uchun foydalaniladi. Fuqaroning muammosi barchaga oshkor etilib, u sharmanda qilinmaydi. Muammodan tor doiradagi shaxslar xabardor bo‘ladi, xolos. Agar fuqarodan mikrofonda gapirish so‘ralsa, ko‘pchilik oldida uyalganidan shaxsiy muammosini aytmasligi mumkin. Masalan, menga ishonch bildiruvchi, tuman tibbiyot birlashmasidan noqonuniy bo‘shatilgan L.U. ismli ayol ham ishga qayta tiklandi. Men barcha viloyat hokimlari shunday tarzda qabul o‘tkazadi deb o‘ylab yurardim.
Kecha “O‘zbekiston 24” kanalida Qoraqalpog‘iston Respublikasi Juqorg‘i Kengashi raisi Jasliq shaharchasida sayyor qabul o‘tkazgani, aholisi bor-yo‘g‘i 4 ming kishi bo‘lgan posyolkada qabul umumiy majlis tarzda tashkil etilgani ko‘rsatildi. Navoiy viloyati hokimi ham Xatirchi, Navoiy shahri va Karmana tumanlari aholisi bilan sayyor qabul o‘tkazgani to‘g‘risida aytildi. Ushbu hududlarda fuqarolar muammosini ko‘pchilik oldida mikrofonda aytishga majbur ekan. Hokim yoniga bironta fuqaro yaqinlashmadi ham. Bunda, ayniqsa, xotin-qizlar murojaat qilishga botina olmaydi-ku!
Men advokat sifatida barcha viloyat hokimlari va rahbarlarini Erkin Turdimovdan o‘rnak olib, har bir fuqaroni shaxsan qabul qilishi va muammosini elga doston qilmasligini so‘ragan bo‘lardim”.