Afg‘oniston hukumati 361 nafar Tolibon harakati a’zolarini qamoqdan ozod qildi
Bu haqda Afg‘oniston Milliy xavfsizlik kengashi vakili Javid Feysal ma’lum qildi.
“Prezidentning 11 martagi farmoni doirasida hukumat 361 nafar Tolibon guruhi (O‘zbekistonda taqiqlangan) a’zolarini Bagram qamoqxonasidan ozod qildi”, deya ma’lum qildi Feysal o‘zining Tvitter sohifasida. U shuningdek, farmonga binoan 1.5 ming nafar guruh a’zolarining ozod etilishi davom etishini qo‘shimcha qildi.
Oldinroq 300 nafar tolibon ozod qilingani va “Tolibon” harakati o‘z navbatida 20 nafar asirni ozod qilib, ularni Afg‘oniston janubida joylashgan Qizil Xoch xalqaro qo‘mitasiga topshirgani to‘g‘risida xabar qilingandi.
AQShning Afg‘onistondagi maxsus vakili Zalmay Xalilzod tomonlarni asirlar almashuvini tezlashtirishga chaqirdi. U shuningdek, koronavirus epidemiyasining qamoqxonalarda tarqalishi ehtimoli jiddiy xavf ekanligini va bu holat tezkorlik bilan harakat qilishga yana bir sabab ekanligini ta’kidladi.
- Ikki tomon ham AQSh va Tolibon o‘rtasida imzolangan bitimga muvofiq maqsadga erishishni tezlashtirishlari lozim, - deb yozdi Xalilzod o‘zining Tvitter sahifasida.
Fevral oyining so‘nggida Qatarda o‘tkazilgan tadbir chog‘ida AQSh va Tolibon o‘rtasida tinchlik bitimi imzolangan edi. Bitimga ko‘ra, Afg‘oniston hududidan 14 hafta ichida xorij armiyasi chiqib ketishi va mart oyida o‘tkazilgan o‘zaro suhbatdan so‘ng asirlar almashuvi boshlanishi lozim edi.